Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni Al Mirqab Capital kompaniyasi boshqaruvi raisi Hamad bin Jassim Ol Soniy va Blackrock investitsiya kompaniyasi katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesidan iborat xorijiy investorlar delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat-xususiy sheriklikda yirik infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish, shu jumladan gaz va elektr tarmoqlari, suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, energiya ishlab chiqarish va to‘plash quvvatlari, katta tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘llarni qurish, ko‘chmas mulk obyektlari va biznes infratuzilmasini barpo etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Muzokaralar yakunida istiqbolli loyihalarni tizimli ilgari surish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekiston transport, energetika, infratuzilma va turizm sohalarini qamrab olgan sakkizta yirik investitsiya loyihasidan iborat Al Mirqab Capital va Blackrock portfelini taqdim etganini aytdi.
Shuningdek, uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzildi, u bir oy ichida loyihalarni amalga oshirishning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va shartlarini ishlab chiqadi.
2023-yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev Al Mirqab Capital xolding kompaniyasi ijrochi direktori Saif ur-Rahmon Xon bilan uchrashuvib, mehmonxona infratuzilmasi va turizm xizmatlarini rivojlantirish, logistika va energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgandi.
Kompaniya Toshkent viloyatida logistika markazi, Buxoroda mehmonxona-kongress majmuasini qurish, mamlakatda elektr ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish rejalarini ma’lum qilgan.
Avvalroq Misr Qoraqalpog‘istonga $660 mln miqdorida investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi. Bell Energy kompaniyasi bilan neft omborlari qurish, oltin konini o‘zlashtirish hamda energiya, bioetanol va aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish bo‘yicha 5 ta memorandum imzolandi.