Afg‘onistonning Salang dovonida yuk avtomobillarining harakati cheklanadi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakat tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dovonda navbatdagi ta’mirlash jarayoni olib borilishi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, dovon orqali katta hajmli yuk transport vositalarining harakatlanishi joriy yilning 10-iyunidan boshlab vaqtincha to‘xtatiladi.

Vazirlik mazkur yo‘nalish orqali xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirishni rejalashtirgan tashuvchilardan ushbu jihatni inobatga olishlarini so‘ramoqda.

Shuningdek, Pokiston va Pokiston portlariga yuk tashuvlarini boshqa muqobil transport yo‘nalishlari orqali amalga oshirish tavsiya etiladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yuk tashuvlari uchun yangi yo‘lak tashkil etgani haqida xabar berilgandi. Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tadigan yo‘nalish yetkazib berish hajmini oshirish va muddatini qisqartirish imkonini beradi.