TBC Bank Group TBC Uzbekistan’ning keyingi o‘sishini tezlashtirish uchun $200 mln miqdoridagi obligatsiyalar chiqarilishini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.
Uch yillik sintetik obligatsiyalar o‘zbek so‘mida taqdim etiladi, hisob-kitoblar AQSh dollarida amalga oshiriladi. Kupon stavkasi esa so‘mda 22% ni tashkil etadi.
Bundan tashqari, muomalaga kiritish bir nechta transhlarda amalga oshiriladi: birinchisi — $140 mln, qolganlari esa 12−18 oylik muddat bilan $60 mln hajmda.
TBC Bank Group’ning qayd etishicha, Viena MTF (Avstriya) platformasida joylashtirilgan obligatsiyalarga bo‘lgan yuqori talab investorlarning guruh strategiyasiga bo‘lgan ishonchini va O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Yig‘ilgan mablag‘lar TBC Uzbekistan’ni rivojlantirish va ekotizimning mahsulot qatorini kengaytirishga yo‘naltiriladi. TBC Bank Group xalqaro biznes rahbari Oliver Xyuzning ta’kidlashicha, qo‘shimcha moliyalashtirish TBC Uzbekistan’ga kichik va o‘rta biznes uchun yangi mahsulotlarni ishga tushirish imkonini beradi.
Avvalroq O‘zbekistonda seriyali obligatsiyalarni chiqarish mexanizmi joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Bunda bitta dastur doirasida bir nechta obligatsiyalarni chiqarish mumkin bo‘ladi.