Ijtimoiy tarmoqlarda 10-iyunga o‘tar kechasi Amirsoy dam olish maskanida yong‘in sodir bo‘lgani haqida video tarqalgandi. Unda keyin Favqulodda vaziyatlar vazirligi holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Chimyon MFY hududida joylashgan yog‘ochli konstruksiya materialidan qurilgan restoranlarning birida yong‘in ro‘y bergani to‘g‘risidagi xabar FVBga 10-iyun kuni soat 01:32 da kelib tushgan.

Unga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 02:01 da voqea joyiga yetib borib, soat 02:13 da yong‘in o‘rab olingan va 04:20 da o‘chirilgan.

Yong‘in natijasida restoranning taxminan 300 kv.metr maydonida bino tomi, shifti, ichki qismi va jihozlari yongan. Tan jarohati olganlar to‘g‘risida xabar kelib tushmagan. vazirlik yong‘in sababi va zarari aniqlanayotganini qayd etgan.

Shuningdek, Amirsoy Resort matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy bayonot berib, yong‘in kurortning Alpina restorani binosida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Dam olish maskani xodimlari zudlik bilan Bo‘stonliq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limini xabardor qilib, dam olish maskanida mavjud bo‘lgan maxsus texnika va uskunalar yordamida yong‘inni o‘chirishni boshlagan. Yong‘in-qutqaruv ekipajlarining yetib kelishi bilan yong‘in qisqa vaqt ichida o‘rab olingan.

“Shunga qaramay, restoranning asosan yog‘ochdan qurilgan binosini saqlab qolishning iloji bo‘lmadi. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Alpina restorani sug‘urta qilingan. Bu yerda “tez orada” qayta tiklash ishlari boshlanadi. Kurort qish mavsumi boshlanishigacha restoran faoliyatini tiklash uchun “barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish"ni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, dam olish maskani va uning boshqa barcha infratuzilma obyektlari odatdagi tartibda ishlashda davom etayotgani ma’lum qilingan.

Avvalroq kapsulali uylarni tashkil etishga 10 mln so‘mgacha subsidiya berilishi ma’lum qilingandi. Fransiyaning Kurshevel tog‘-changi kurorti O‘zbekistonning tog‘li hududlarida turizm maskanlarini tashkil qilishga qiziqish bildirmoqda.