O‘zbekistonda uy-joy qurilishida eskrou-hisobi tizimi 1-iyuldan ishga tushiriladi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatovga tayanib, Gazeta xabar berdi.
9-iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Slovakiya biznes-forumi doirasida vazir raqamli platformani avval belgilangan muddatlarda ishga tushirish rejalari haqida so‘z yuritdi. Tizim uchun dasturiy ta’minot allaqachon ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda sinovdan o‘tkazilmoqda.
“[Loyihaning] maqsadi — aholi mablag‘larini himoya qilish, uy-joylarni o‘z vaqtida va sifatli qurish, ularning qonuniyligini ta’minlash. Butun tizim raqamli platforma orqali to‘liq nazorat qilinadi”, — dedi Hidoyatov.
Loyihaga Rossiyaning DOM.RF davlat kompaniyasi jalb qilingan bo‘lib, uning ishtirokida Toshkentning Sergeli tumanida pilot loyiha amalga oshirildi. Kompaniyaning sobiq xodimlari Iqtisodiyot va moliya vazirligining ishchi guruhiga kiradi. Qurilish vazirining so‘zlariga ko‘ra, jarayonda boshqa “yetakchi davlatlar” ekspertlari ham ishtirok etmoqda.
Hidoyatov ulushdorlarni firibgarlik sxemalaridan himoya qilish chorasi sifatida yangi tizim zarurligini ta’kidladi. U fuqarolar “ishonuvchanligi tufayli” developerlar amalda qurilishni boshlamagan loyihalashtirilgan uy-joylarni sotib olish holatlari ko‘payib borayotganini qayd etdi.
“Ba'zi quruvchilar yerni olib, loyihani tayyorlab, kvartiralarni sotishni boshlaydi, foydaning bir qismini oladi, so‘ngra aholidan kelgan mablag‘ni boshqa maqsadlarga sarflaydi. Aholi uy sotib olishni to‘xtatgach esa, ular uyni qurib bitkaza olmaydi. Shuning uchun biz eskrou tizimini imkon qadar tezroq joriy etish tarafdorimiz”, — deya vazir so‘zlarini keltiradi Gazeta.
O‘zbekistonda uy joy qurilishida eskrou-hisobi
2024-yilning sentabrida Shavkat Mirziyoyev ulushdorlarni himoya qilish uchun uy-joy qurilishida eskrou-hisobini joriy etish rejalarini e’lon qildi. Bu tizimni Samarqandda, shuningdek Toshkentning Yangihayot va Sergeli tumanlarida sinovdan o‘tkazish mo‘ljallangan.
Spot suhbatlashgan ekspertlar eskrou-hisoblarini joriy etishda bir qator ehtimoliy qiyinchiliklarni ta’kidlashdi. Bular qatoriga qonunchilik bazasining mavjud emasligi, quruvchilar uchun xarajatlarning ko‘payishi va kvadrat metr narxining oshishi kiradi. Shu bilan birga, bu qadam bitimlarning xavfsizligi va shaffofligini, shuningdek quruvchilarning mas’uliyatini oshiradi.
Dekabr oyida davlat rahbari eskrou-hisoblarini joriy etishni ma’qulladi. Tizimning huquqiy asoslarini ishlab chiqish va uni davlat organlarida joriy etishni boshlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, yil yakunida Rossiyaning DOM.RF kompaniyasi O‘zbekistonda eskrou-hisob tizimini joriy etishi ma’lum bo‘ldi.
Yanvar oyida imzolangan prezident farmoni bilan joriy yilning 1-iyulidan ulushli qurilishda eskrou-hisobi joriy etilishi ma’lum qilindi. 2026-yildan boshlab qurilishga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish faqat “eskrou” hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
Banklar quruvchilarga moliyalashtirish orqali ajratiladigan kreditlarning yillik foiz stavkasini eskrou-hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar hajmidan kelib chiqib belgilaydi. Eskrou-hisobdagi mablag‘lar ko‘payishi bilan kredit foiz stavkasi pasaytirib boriladi. O‘z vaqtida qurilishi tugallanmagan obyekt bo‘yicha qat’iy belgilangan jarimalar joriy qilinadi.
Shuningdek, tizim ishga tushgunigacha noqonuniy qurilishlarni aniqlash va chora ko‘rish hamda ulushdorlar huquqlari buzilishining oldini olish ishlar kuchaytirilishi belgilangandi.
Avvalroq O‘zbekistonda qurilish materiallari korxonalari reyestri yuritilishi haqida xabar berilgandi. Prezident sohada yangi texnologiyalarni joriy etish, mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish hamda qurilishda ulardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.