Xalqaro kongress markazida o‘tkazilayotgan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari to‘rtinchi sanoat inqilobi texnologik minerallarga talabni bir necha baravar ko‘paytirayotganini qayd etdi.

O‘zbekistonda volfram, malibden, magniy, litiy, graft, vanadiy, titan va boshqa minerallarning yirik zaxiralari aniqlangan. Umuman, yer osti boyliklarining salohiyati $3 trlnga baholanadi.

“Mintaqamizning minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymat mahsulotlari ishlab chiqarish xabiga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud. Bu borada Toshkent va Samarqand viloyatida kelajak metallari texnoparki bunyod etyapmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, prezident muhim minerallarni ishlab chiqarish sohasi bo‘yicha tashabbbuslarni bildirdi. Davlat rahbarining qayd etishicha, bu xorijiy kompaniyalar, forum ishtirokchilari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Unga ko‘ra, sohada geologiya-qidiruv ishlaridan boshlab, tayyor mahsulot zanjirini yo‘lga qo‘ygan investorlarga o‘n yil mobaynida renta solig‘i qaytarib beriladi. Ushbu soliq 2021-yil oxirida foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun joriy etilgan.

Qimmatbaho, rangli va radioaktiv metallarni, nodir elementlarni va nodir yer elementlarini qazib oluvchi va ularni texnogen mineral hosilalardan ajratib oluvchi, uglevodorod xomashyosini qazib oluvchi yuridik shaxslar foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta solig‘ini to‘lovchilar hisoblanadi.

“Ishonchim komil, sizlar bilan uzoq muddatli samarali aloqalarimiz aytib o‘tilgan barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli biznes hamkorlikka aylanadi”, — deya ta’kidladi prezident.

2024-yilning dekabrida mamlakatdagi 1 mingga yaqin konlarda 100 dan ortiq turdagi mineral xomashyo bazasi mavjudligi, tasdiqlangan zaxiralar esa qariyb $1 trlnga baholanishi ma’lum qilingandi.

Kelgusi uch yilda O‘zbekistonda 28 ta noyob mineral bo‘yicha $2,6 mlrdlik 76 ta loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. Buning uchun xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida geologiya-qidiruv va ilmiy-tadqiqot ishlariga qo‘shimcha mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston va AQSh muhim minerallar bo‘yicha yangi bitimlar tuzgandi. Foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olish, rudalarni maydalash komplekslarini qurish hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirish rejalashtirilgan.