Prezident “Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qonunni imzoladi. Qonun bilan foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta soligʻi joriy etildi.

Qimmatbaho, rangli va radioaktiv metallarni, nodir elementlarni va nodir yer elementlarini qazib oluvchi va ularni texnogen mineral hosilalardan ajratib oluvchi, uglevodorod xomashyosini qazib oluvchi yuridik shaxslar foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta soligʻini toʻlovchilar hisoblanadi.

Mazkur soliq stavkasi soliq bazasiga nisbatan 25% miqdorida belgilanadi. Soliq toʻlovchisi boʻlgan chet el investorlari soliq hisobini AQSh dollarida yuritishi mumkin. Soliq imtiyozlarini hisobga olish axborot tizimlari orqali va maxsus identifikatsiya kodini bergan holda amalga oshiriladi.

Tamaki va alkogol mahsulotlariga nisbatan yangi soliq stavkalari belgilanadi.

Mobil aloqa xizmatlari va shakar uchun aksiz soligʻi oʻzgartirishsiz qoldirildi (15 va 20%).

Soliq imtiyozlarida quyidagilar soliqqa tortilmasligi belgilandi:

  • soliq toʻlovchining professional va oliy taʼlim muassasalarida oʻqish uchun banklardan olingan taʼlim kreditlariga yoʻnaltirilgan daromadlari, ish haqi;
  • talabalarga ijaraga berilgan uy-joylardan olingan daromad;
  • soliq toʻlovchining quyidagilarni toʻlash uchun yoʻnaltiriladigan, BHMning 8 baravarigacha boʻlgan ish haqi summalari va boshqa daromadlari: xalqaro tashkilotlarga aʼzolik badallari;
  • qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlariga toʻlovlar.

Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq 2%dan 1,5% ga, qurilishi normativ muddatda tugallanmagan obyektlarga nisbatan 4% dan 3% ga kamaytirildi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar mulkida boʻlgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan 2021-yil 31-dekabrga qadar boʻlgan davrda umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod etiladi.

Respublika tumanlarida (bundan Toshkent shahri mustasno) faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi 2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-yanvarga qadar BHMning 50%i miqdorida qoʻllaniladi.