Starbucks kuchli raqobat sharoitida Xitoyda narxlarni pasaytirdi, deya xabar bermoqda Reuters nashri.
O‘zgarishlar Xitoy bo‘ylab Starbucks menyusidagi o‘nlab mahsulotlarga ta’sir ko‘rsatdi — ayniqsa, sovuq ichimliklar narxiga, ular o‘rtacha 5 yuan (10-iyun kursiga ko‘ra $0,7) arzonlashdi.
Weixin ijtimoiy tarmog‘ida kompaniya endi Starbucks narxlari “hammabop bo‘lgani"ni ta’kidladi.
Endi Xitoyda Starbucks’ning ichimlik narxlari 23 yuandan boshlanmoqda, shu bilan birga amerikalik kompaniyaning raqobatchilari Luckin Coffee va Cotti esa xuddi shunday mahsulotlarni 8−10 yuanga sotishmoqda.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyani narxlarni pasaytirishga Xitoy umumiy ovqatlanish bozorida kuchli raqobat va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi fonida o‘z xarajatlariga e’tiborliroq bo‘la boshlagan iste’molchilarning ehtiyotkor xatti-harakatlari turtki bo‘lgan.
2025-yil may oyida Starbucks Xitoy biznesidagi ulushini sotishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.
Bloomberg‘ning yozishicha, aktivlarning potensial qiymati “bir necha milliard dollar” deb baholanmoqda.
Xitoy kompaniya uchun ikkinchi yirik bozor hisoblanadi: u yerda 7700 dan ortiq qahvaxona faoliyat yuritmoqda.
Starbucks biznesga “makroiqtisodiy omillar va mahalliy raqobatchilarning kuchayib borayotgan ta’siri” haqida ma’lum qildi.
Misol uchun, 2025-yilning birinchi choragida Xitoyning Luckin Coffee kompaniyasi mamlakat bo‘yicha daromadda Starbucks’ni ortda qoldirdi.
Qayd etilishicha, raqobatchi kompaniya $1,2 mlrd daromad olgan bo‘lsa, Starbucks’da esa bu ko‘rsatkich $740 mlnni tashkil qildi.
Avvalroq Spot Starbucks AQShda 3D-printerda chop etilgan birinchi qahvaxonasini ochgani haqida yozgandi.
Qiymati $1,2 mlnlik bino maydoni 130 kvadrat metr bo’lib, olti oydan kamroq vaqt ichida qurib bitkazilgan.