Raqobat qo‘mitasi Beeline mobil operatoriga abonent to‘lovini hisobdan chiqarish shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Nazorat organi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda kelib tushgan murojaatlarning 8,2%i telekommunikatsiya xizmatlari sohasiga to‘g‘ri kelgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida aloqa operatorlari ustidan shikoyatlar ulushi 8,9%gacha ko‘tarilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi Beeline xizmatlariga tegishli.
Murojaatlarning asosiy mavzulari — tarif to‘lovining oshirilishi, abonentning roziligisiz qo‘shimcha xizmatlar va pullik kontent-servislarga ulanish. Shuningdek, to‘lov va xizmat ko‘rsatish sifati bilan bog‘liq muammolar ham qayd etilgan.
Xususan, Beeline mijozlari oylik to‘lovni to‘lash uchun balansda mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, kunlik to‘lovli tarif rejalariga avtomatik ravishda o‘tkazilishini ta’kidlashmoqda. Shu bilan birga, ba’zi hollarda to‘lov yechib olinganidan keyin ham ularga internet-trafikdan foydalanish imkoniyati berilmayapti.
Qo‘mita aniqlashicha, 2000 so‘m miqdoridagi kunlik to‘lov pul yetishmagan taqdirda 10 dan ortiq tariflar bo‘yicha undirilmoqda. U hisobda oylik to‘lov uchun yetarli mablag‘ bo‘lmaguncha avtomatik ravishda yechib olinadi.
Agar kunlik to‘lov to‘liq amalga oshirilmasa, raqam manfiy balans bilan bloklanadi. Bu holatda avval taqdim etilgan kunlik trafik limitidan foydalanib bo‘lmaydi, garchi u uchun to‘lov yechib olingan bo‘lsa ham.
Abonent o‘z ixtiyori bilan kunlik to‘lovni hisobdan chiqarishni yoqishi yoki o‘chirishi, shuningdek, xizmatdan voz kechishi mumkin emas. Qo‘mita kunlik tarifdan foydalanishni “iste'molchilar huquqlarini kamsitish va bir qator qonun hujjatlari talablarini buzish” deb baholadi.
“Iste'molchilarning noaniq doirasi” huquqlarini himoya qilish maqsadida nazorat organi Unitel kompaniyasiga oylik va kunlik abonent to‘lovlarini yechib olish shartlarini qayta ko‘rib chiqish talabi bilan ko‘rsatma yubordi. Mobil aloqa operatoridan quyidagilar talab etildi:
- abonentning hisobida oylik to‘lov uchun mablag‘ yetarli bo‘lmasa, kunlik to‘lovni avtomatik ravishda yechib olishni bekor qilish;
- abonentga ixtiyoriy ravishda (masalan, USSD-kod orqali) kunlik xizmatdan foydalanishni tanlash imkoniyatini berish;
- abonent hisobidan oylik yoki kunlik abonent to‘lovlarini yechib olishga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida abonentlarni o‘z vaqtida xabardor qilish.
Spot so‘roviga javoban Beeline matbuot xizmati Raqobat qo‘mitasining bayonotiga munosabat bildirdi. Kompaniya tarif rejalaridagi o‘zgarishlar Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari va O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq ravishda amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
Mobil aloqa operatori qo‘mitaga barcha zaruriy tushuntirishlarni taqdim etgani va dalillarning ko‘rib chiqilishini kutayotganini bildirdi. Kompaniya nazorat organidan javob olmaguncha vaziyatni ommaviy muhokama qilmaslikka qaror qilganini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Ucell ommaviy oferta talablariga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha o‘zgartirish kiritishiga to‘g‘ri kelgani haqida yozgandi.
Raqobat qo‘mitasi unda ma’naviy zarar uchun javobgarlik nazarda tutilmaganini aniqlab, aloqa operatoriga ofertani qonunchilik asosida qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.