Avvalroq 10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya prezidenti Rumen Radevning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Yakunda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzoladilar.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida Bolgariya o‘zbekistonlik eksportchilar uchun Yevropaga eng yaqin “darvoza” ekanligini qayd etib, logistika sohasida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Tomonlar o‘rtasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali mahalliy tadbirkorlarga qulay tarif va shartlarda mahsulotlarni Yevropaga yetkaziladi.

Shuningdek, vazir mamlakat bilan geologiya sohasida ham hamkorlik masalasi muhokama qilinganini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Bolgariya bilan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida uchta kelishuvga erishilganini qayd etdi. Xususan, mamlakatning vinochlik texnologiyalarini O‘zbekistonga olib kelish maqsadida Bolgariya vinochilik instituti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ikkinchi yo‘nalish — tabiiy so‘k va konservatsiyalangan mahsulotlarni ishlab chiqarish borasida mamlakat kompaniyalari bilan ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Oxirgi yo‘nalish — gulchilikni rivojlantirish, jumladan atirguldan efir moyini olish bo‘yicha hamkorlikda ishlar olib boriladi. Tomonlar ishchi guruh tuzib, ishlarni joriy yilda boshlashga kelishib oldi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Bolgariyada autsorsing sohasida ishchi resursiga ehtiyoj mavjudligini qayd etdi. O‘zbekiston mamlakatga IT-xizmatlari eksportini oshirish, yuqori daromadli ishlarni yaratishni maqsad qilmoqda.

Farmatsevtika agentligi direktori Abdulla Azizov esa Bolgariyaning Sopharma kompaniyasi bilan O‘zbekistonda shartnomali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsad qilinayotganini ta’kidladi. Mamlakat bilan klinik tadiqoqt yo‘nalishida hamkorlik qilinadi.

“Yirik farmatsevtika kompaniyalari o‘zlarining klinik tadqiqotlarining uchinchi to‘lqinini bir nechta davlatlarda o‘tkazadi. Bu kabi tadqiqotlarda dori-darmonlar juda ham qimmat — $80−90 ming atrofida bo‘lishi mumkin, albatta uning ta’siri tekshirilgan bo‘ladi. Asosan, onkologiya yo‘nalishida hamkorlik qilmoqchimiz. Bu xalqimizga yuqoridagi kabi qimmat dorilarni yetkazib berishni ta’minlaydi”, — dedi Azizov.

Shuningdek, Farmatsevtika agentligi direktori tadqiqot loyiharida ishtirok etish O‘zbekistonning farmatsevtika sohasini rivojlantirishini ta’kidladi. Mamlakat Bolgariyaga bunday tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov davlat rahbari Bolgariya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni oshirish, talabalar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, doktoranturada hamkorlik hamda qo‘shma ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi.

Avvalroq O‘zbekiston BRIKS Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilishi haqida xabar berilgandi.