11-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Xitoyning China State Construction, China General Nuclear Power, CAMCE, Goldwind va ZTO Express kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi har doimgidek yuqori ekanini qayd etdi. O‘tgan yili mamlakatdan jalb qilingan investitsiyalar hajmi $10 mlrddan oshdi.
Prezident China State Construction direktorlar kengashi raisi Chjen Syuesyuan bilan suhbatda kompaniyaning Toshkentda yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik loyihasini yuqori baholadi. Poytaxtda madaniyat obyektlarini tashkil etish rejalari muhokama qilindi.
Kompaniya bilan Toshkent viloyatida sanoat zonasini barpo etish loyihasini boshlash hamda avtomobil yo‘llari qurilishida ishtirok etishga kelishib olindi.
CAMCE korporatsiyasi raisi Van Bo bilan poytaxtda Olimpiya shaharchasini barpo etish ishlari sarhisob qilindi. Kompaniya boshqaruvida Toshkent shahridagi Yangi avlod industrial texnoparki rivojlanayotgani qayd etildi.
Qo‘shma tashabbuslar portfelini kengaytirish, xususan, elektr energetikasi va Yangi Toshkent shahrini infratuzilmaviy rivojlantirish loyihalarini jadallashtirishga e’tibor qaratildi.
China General Nuclear Power raisi Yan Chanli bilan muzokaralarda tog‘-kon sanoatida sheriklikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Kompaniya geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va yangi konlarni o‘zlashtirishga qiziqish bildirildi. Kompaniyaning gibrid quyosh elektr stansiyasini qurish va bojxona yuklarini skanerlash texnologiyalarini joriy qilish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Goldwind raisi Vu Gang bilan kompaniyaning “yashil” energetikani rivojlantirishdagi ishtiroki bo‘yicha fikr almashildi. Kompaniya bilan O‘zbekistonda shamol elektr stansiyalari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Shamol generatorlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga kelishildi.
ZTO Express kompaniyasi rahbari Xu Syanlyan davlat rahbariga O‘zbekistonda tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha onlayn platformani ishga tushirish va “aqlli” logistika omborlarini tashkil etish niyati haqida ma’lumot berdi.
Avvalroq BYD yil oxirigacha Denza premium brendini O‘zbekiston bozoriga olib kirishi haqida xabar berilgandi. BYD Central Asia boshqaruvchi direktori Ivan Sao BYD’ning mintaqadagi faol ishtiroki boshqa Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarini jalb qilishga yordam berishini qayd etdi.