11-iyun kuni Xalqaro kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan tadbirda YTTB prezidenti Odil Reno-Basso, shuningdek, Masdar, Indorama, ACWA Power, Vision Invest, DataVolt, Veon, Boeing, Air Products, SpaceX, Meta, John Deere, Franklin Templeton, Suez, EDF, Total Energies, Voltalia, Orano, Linde, Claas, Sojitz, Bomi, OTP Bank, Goldwind, Çalik, Çengiz, Aksa, JBIS kabi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘tgan yili O‘zbekistonga rekord miqdorda — qariyb $1 mlrd investitsiya kiritgani qayd etildi. Xususiy kompaniya va banklar bilan qo‘shma loyihalar hajmi ham $1 mlrddan oshdi.

DataVolt mintaqadagi eng yirik “yashil” ma’lumotlar markazini barpo etish, Veon esa sun’iy intellektga asoslangan mobil superilovani yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqda.

Xalqaro moliya korporatsiyasi, Ernst&Young, Dentons, Knauf va TBC kompaniyalari milliy qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflarni bildirdi. Ularning yangi tashabbus va g‘oyalari asosida 10 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar yangilandi.

Davlat rahbari biznes uchun bazaviy soliq stavkalari 2028-yilgacha o‘zgarmasligini ma’lum qildi.

So‘nggi 2 yilda mamlakatda xorijiy kapital ishtirokida 5,5 mingta yangi korxona tashkil etilib, ularning soni 16 mingtaga yetdi. Uchrashuv doirasida xorijiy hamkorlarning 40 dan ortiq tashabbuslari saralab olindi. Bular qatorida investorlar tomonidan soliq qonunchiligi barqarorligini ta’minlash, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlar sonini ko‘paytirish, infratuzilma loyihalarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bor.

Joriy yilda yo‘l qurilishi, transport, energetika, suv ta’minoti, irrigatsiya va boshqa sohalarda qariyb $4,5 mlrdlik DXSh loyihalari boshlangan. Moliyaviy hisobotning, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.

Kelib tushgan takliflar asosida garov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, xorijiy kompaniyalar uchun professional kadrlar tayyorlash, mahalliy kompaniyalarda korporativ boshqaruvni yaxshilash, soliq ma’murchiligi bo‘yicha qo‘shimcha ishchi guruhlar tashkil etiladi.

Kengash Kotibiyatining mustaqilligini oshirish va uni alohida yuridik shaxs sifatida qayta tashkil etish taklif etildi.

Avvalroq O‘zbekiston Al Mirqab Capital va Blackrock kompaniyalariga 8 ta investitsiya portfelini taqdim etgani haqida xabar berilgandi. U transport, energetika, infratuzilma va turizm sohalarini qamrab oladi.