Navoiyuran davlat kompaniyasi dastlabki yevroobligatsiyalarni chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Xalqaro moliyaviy va yuridik maslahatchilar jalb qilinib, istiqbolli loyihalar ro‘yxati shakllantirildi va investorlar uchun taqdimot tayyorlandi. Salohiyatli xorijiy investorlar ishtirokida Abu-Dabi, Dubay, Nyu York hamda Boston shaharlarida non-deal roadshow’lar o‘tkazildi.
Ularda Abu Dhabi Investments Authority, First Abu Dhabi Bank, BREVAN HOWARD, Mashreq Capital, ENBD AM, BHM Capital, Q Market Maker, Market Securities, Emirates Investment Bank, UAB, Boston MFS, FMR kabi kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Korporativ obligatsiyalar chiqarilishi Citigroup, Abu Dhabi Commercial Bank (ADCB) va Natixis anderrayter banklari konsorsiumi ishtirokida amalga oshirilishi kutilmoqda. Kompaniya investorlarning qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishga bo‘lgan qiziqishini qayd etdi.
Gazeta’ning yozishicha, yevrobondlarni joylashtirishdan tushgan mablag‘larni ishlab chiqarish dasturini moliyalashtirishga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Kompaniya xabarida ularning qiymati haqida ma’lumot berilmagan, biroq, xabar havolasidan ma’lum bo‘lishicha, $300 mlnlik qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi mumkin.
Yil boshida Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan yig‘ilishda Navoiyuran hamda O‘zmetkombinat kompaniyalarining har biri $300 mlnlik yevrobond joylashtirish vazifasi berilgandi.
Jahon yadro assotsiatsiyasi (World Nuclear Association) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston uran qazib olish hajmi bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinni egallab, yiliga o‘rtacha 3500−3700 tonna atrofida tabiiy uran yetkazib beradi (2022−2023-yillar holatiga ko‘ra).
Joriy yilning mart oyida Fransiyaning Orano, Yaponiyaning Itochu Corporation hamda Navoiyuran o‘rtasida Janubiy Jangeldi konida uran qazib olish bo‘yicha shartnoma imzolangandi.
Avvalroq TBC Bank Group O‘zbekistonda biznesni moliyalashtirish uchun $200 mlnlik obligatsiyalar chiqargani haqida xabar berilgandi. Uch yillik sintetik obligatsiyalar o‘zbek so‘mida, hisob-kitoblar dollarda amalga oshiriladi. Kupon stavkasi esa 22% ni tashkil etadi.