O‘zbekistonda ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish budjet taqchilligini kamaytirish imkonini beradi. Bu haqda Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida sobiq moliya vaziri, O‘zbekinvest kompaniyasi rahbari Rustam Azimov Gazeta muxbiriga bergan intervyusida qayd etdi.
Azimov oxirgi yillarda budjet defitsiti ham, xarajatlar ham yuqori shakllanayotgani, har yili to‘lgan limit qayta ko‘rib chiqilishini, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda eskirgan tarmoqlarni yangilash zarurati bilan izohladi.
“Bir tarafdan 5,5−6% defitsit baland. Lekin bu taqchillik nimani hisobidan bo‘lgan? Chunki bizda infratuzilma yo‘llar, elektr tarmoqlari, kommunal tarmoqlari, transport vositalari eskirgan. Ularni yangilamasa bizda iqtisodiyot rivojlanmaydi”, — dedi u.
Shuning uchun hukumat xorijdan ko‘proq kreditlar jalb qilib, ushbu masalani yechishga majbur. Agar bu hal qilinmasa, iqtisodiyot rivojlanishini ta’minlash juda qiyin bo‘ladi.
Rustam Azimov mamlakatda fiskal siyosat bo‘yicha yirik o‘zgarishlar bo‘lgangani, shu jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 24% dan 12% ga, qo‘shilgan qiymat solig‘i esa 20% dan 12% ga pasaytirilganini qayd etdi.
“Aytishim mumkinki, [daromad solig‘i va QQS kamaytirilgani] budjet uchun juda ko‘p yo‘qotishlar, lekin aholi va iqtisodiyot uchun juda katta dalda bo‘lgan. Bitta qonun bor, siz soliq yukini pasaytirsangiz, albatta, o‘shanda soliq to‘lovchilar ko‘payadi, ular “soya"dan tashqariga chiqadi. Omadimiz shuki, xorijiy bozorlarda, avvalambor, oltin narxi va bizning boshqa asosiy xomashyo mahsulotlarimiz narxlari baland”, — deya qayd etdi Azimov.
Sobiq moliya vaziri bundan foydalanib ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish kerakligiga e’tibor qaratdi. Buning zaruratini esa, u bir nechta omillar, jumladan, ish joylarining ko‘payishi, eksport salohiyatining oshishi, importga qaramlikning pasayishi hamda budjetga qo‘shimcha daromadlar tushishi bilan izohladi. “Bu daromadlar hisobiga budjet taqchilligi kamayadi”, — dedi u.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda fiskal siyosatni yaxshilash uchun kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish zarur. Azimovga ko‘ra, biznesning ushbu bo‘g‘inida imkoniyatlar yetarli emas.
“Fiskal siyosatga kelganda, mening fikrimcha, kichik va o‘rta biznesga biz yana ko‘proq imtiyozlar yaratishimiz kerak. Chunki bugun ham notiqlar aytdi, har yili bir million bola tug‘ilyapti. Bu har yili kamida 650−750 ming odam mehnat bozoriga chiqyapti degani. Lekin [bularni ish bilan ta’minlaydigan] katta korxona yo‘q. Ular o‘z mehnat faoliyatini kichik va o‘rta biznesda amalga oshiradi. Ularga yana va yana imkoniyatlar, ko‘mak beradigan qadamlar hozircha dolzarb bo‘lib turibdi”, — deya xulosa qildi u.
Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonning davlat qarzi $2,22 mlrdga oshib, $42 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $7,08 mlrdga o‘sdi. Uning asosiy qismi — $35,55 mlrdi tashqi qarz, $6,87 mlrdi esa ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.
2025-yilda mamlakat nomidan jalb qilinadigan tashqi qarzning yillik miqdori $5,5 mlrd etib belgilangan. Shundan budjet taqchilligini moliyalashtirishga $3 mlrdi yo‘naltiriladi.
Avvalroq XVJ 2025−2026-yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishining 6% dan pastga sekinlashishini kutayotgani haqida xabar berilgandi.