Shavkat Mirziyoyev 2025-yil uchun O‘zbekistonning davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi"da e’lon qilindi.

Hujjat kelasi yil uchun konsolidatsiyalashgan budjetning jamlanma parametrlari va rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozini, shuningdek, 2026−2027 yillar uchun maqsadli mo‘ljallarni belgilaydi.

2025-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori YIMning 3%i (2024-yilda — 4%) miqdorida belgilandi.

Mamlakat nomidan jalb qilinadigan yangi tashqi qarzlarning yillik miqdori $5,5 mlrd (2024-yilda — $5 mlrd) ni, shundan budjet taqchilligini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan qismi $3 mlrdni tashkil etadi.

Davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 30 trln so‘m (2024-yilda — 25 trln so‘m) etib belgilandi. DXSh tamoyillari asosida imzolanadigan barcha yangi loyihalar qiymatining cheklangan miqdori — $6,5 mlrd.

Endi mahalliy budjetlarga aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning yer va mol-mulkiga solinadigan soliq, shuningdek, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushadigan tushumlar o‘tkaziladi. Hududlar (Toshkent, Qoraqalpog‘iston) budjetiga yer va mol-mulk soliqlarini to‘laydigan yirik soliq to‘lovchilar bundan mustasno.

Shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan tushumlar mahalliy va hududiy budjetlar o‘rtasida taqsimlanadi. Shu bilan birga, alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘idan hududlar budjetiga tushumlar ulushi 30%gacha qisqartiriladi.

Daromadlar bo‘yicha prognozlar 6 oy mobaynida bajarilmagan va ularni bajarish uchun yil oxirigacha asoslar mavjud bo‘lmaganda xarajat qismi qisqartiriladi. Xarajatlarni 3%dan ortiq kamaytirish to‘g‘risidagi qaror Oliy Majlis tomonidan, 3% yoki undan kam kamaytirish to‘g‘risidagi qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.

Oktabr oyi oxirida Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan budjetnomani e’lon qildi. Noyabr oyi o‘rtalarida esa, vazirlik 2025-yilgi “Fuqarolar uchun budjet” loyihasini taqdim etdi.

Avvalroq Soliq qo‘mitasi kelgusi yilda iqtisodiyotni “soya"dan olib chiqish hisobiga davlat budjeti 20 trln so‘mga to‘ldirilishi belgilanganini ma’lum qilgandi.