Shavkat Mirziyoyev 2024-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Hujjat bilan 2024-yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy va davlat dasturlariga ajratiladigan grant mablag‘larining belgilangan miqdorlari qonunga o‘zgartish kiritilmasdan ko‘paytiriladi.

O‘zbekiston budjet tizimi budjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari bo‘yicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxirigacha ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda quyidagicha amalga oshiriladi:

  • budjet umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;
  • 3%dan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish hukumat qarori asosida.

O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 25 trln so‘m miqdorida belgilandi.

2024-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMning 4%i miqdorida belgilandi.

Shuningdek, soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga to‘liq hajmda o‘tkaziladi:

  • aholidan olinadigan mol-mulk solig‘i;
  • aholidan olinadigan yer solig‘i;
  • mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan fuqarolar tomonidan to‘lanadigan, YaTTlar tomonidan to‘lanadigan aholidan olinadigan daromad solig‘i;
  • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;
  • noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq.

Qonun kelasi yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi.

Oktabr oyida prezident 2024-yil uchun budjetning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Noyabrga kelib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini e’lon qildi.

Dekabrda o‘tkazilgan Senatning 48-yalpi majlisida kelasi yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.