Senatning 48-yalpi majlisida kelasi yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida 2024-yilda mamlakat iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o‘sish suratlari 5,6−5,8% miqdorida bo‘lishi kutilayotganligi qayd etildi.

Kelasi yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 375 trln so‘m, xarajatlari esa 427,6 trln so‘m miqdorida rejalashtirilgan. Budjet defitsiti 52,6 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 4% miqdorida shakllantirildi.

Davlat budjeti daromadlari 270,4 trln so‘mni, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,9 trln so‘mni tashkil etdi.

Bunda soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 55,2 trln so‘m va 85,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.

Keyingi yilda budjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolinib, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta’minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami budjet xarajatlarining qariyb 50%i yoki 151,5 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Muhokamalar jarayonida senatorlar budjet daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. Yashirin iqtisodiy faoliyatni qisqartirish, budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablag‘lar natijadorligini ta’minlash yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Mahalliy va importga belgilangan aksiz solig‘i stavkalarini tenglashtirish maqsadida alkogol va tamaki mahsulotlari importi uchun stavka 5%ga pasaytirilib, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun 2 baravarga pasaytirilmoqda.

Mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Oktabr oyida prezident 2024-yil uchun budjetning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

Noyabrga kelib, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini e’lon qildi.