Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, kelasi yil uchun budjet daromadlari (budjetlararo transfertlarni inobatga olmagan holda) 270,3 trln so‘m, xarajatlari esa 279,6 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.

Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 55,4 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 86,8 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda, davlat maqsadli jamg‘armalariga mamlakat budjetidan 33,1 trln so‘m transfertlar ajratish belgilangan.

Xususan, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 46,8 trln so‘m, xarajatlari 63,1 trln so‘mni tashkil etgan holda budjetdan 16 trln so‘m miqdorida transfert ajratiladi.

Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining yuqori chegarasi 52,5 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 4% miqdorida belgilanmoqda. Bunda, budjet va maqsadli jamg‘armalar budjetlari 40,8 trln so‘m yoki prognoz qilinayotgan YaIMga nisbatan 3,1% miqdorida taqchillik bilan rejalashtirilgan.

Budjet taqchilligining yuqori chegarasi 4% etib belgilanishi sababli tashqi qarzni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi $5 mlrd qilib belgilanmoqda. Shundan $2,5 mlrdi budjetni qo‘llab-quvvatlashga, qolgan $2,5 mlrdi esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish hamda valyuta xatarlarini kamaytirish maqsadida 2024-yil uchun O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmini 25 trln so‘m miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.

Mamlakat budjeti daromadlari ham tasdiqlanmoqda. Jumladan, QQS bo‘yicha daromad 74 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Bunda, 2023-yilda kutilayotgan ijro 60 trln so‘mni tashkil etadi.

Qonun loyihasining to‘liq matni bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Budjetnoma bu yerda.

Avvalroq prezident 2024-yil uchun budjetning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Budjet daromadlarini ko‘paytirish, xarajatlarini optimallashtirish bo‘yicha har bir soha, tarmoq va hududlar kesimida mavjud zaxira va imkoniyatlar tahlil qilindi.

2023-yil uchun davlat budjeti daromadlari 232,1 trln so‘m etib belgilangandi.