“2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan 2023-yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solindi.

Ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik milliy davlat dasturlarining belgilangan miqdorlari Qonunga o‘zgartish kiritilmasdan ko‘paytiriladi.

O‘zbekiston budjet tizimi budjetlarining 6 oylik ijrosi yakunlari bo‘yicha daromadlari prognozi bajarilmagan va joriy moliya yilining oxiriga qadar ularning kelib tushishi uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lmagan hollarda:

  • respublika budjeti umumiy xarajatlarining 3 va undan ortiq foizi miqdoridagi xarajatlarni qisqartirish Oliy Majlis palatalari tomonidan;
  • 3%dan kam miqdordagi xarajatlarni qisqartirish Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston nomidan va O‘zbekistonning kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60%dan oshmasligi kerak.

2023-yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3%i miqdorida belgilandi.

Qonunga ko‘ra, jumladan soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga to‘liq hajmda o‘tkaziladi:

  • jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i;
  • jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
  • mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan, shuningdek YATTlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
  • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, bundan elektr stansiyalari tomonidan to‘lanadigan soliq mustasno;
  • noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq.

Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2023-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilingandi. Undan keyin, ikkinchi o‘qilishda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi hamda Senat a’zolari tomonidan ham ma’qullangandi.

Bundan tashqari, Moliya vazirligi 2023-yil uchun budjet parametrlari boʻyicha ma’lumotlarni hamda qonun loyihasiga sharhni taqdim etdi. Mazkur qonun 2023-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kirdi.