Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yil uchun davlat budjetining asosiy yo‘nalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda budjet daromadlarini ko‘paytirish, xarajatlarini optimallashtirish bo‘yicha har bir soha, tarmoq va hududlar kesimida mavjud zaxira va imkoniyatlar atroflicha tahlil qilindi.

Yirik sanoat tarmoqlarida xarajatni qisqartirish orqali tannarxni kamaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Masalan, joriy yilning to‘rtinchi choragida 349ta yirik sanoat korxonasida 2,1 trln so‘m xarajatlarni kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan.

Bu ishlarni tizimli davom ettirish uchun hukumatga kelgusi yilda yirik tarmoqlarda tannarxni 15−20% kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Hududlarning daromad bazasini kengaytirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, past quvvatda ishlayotgan korxonalarga ko‘mak berib, ularni to‘liq quvvatga chiqarish choralari belgilandi. Tadbirkorlikni rivojlantirib, soliq bazasini kengaytirish, afzalliklar berish orqali “yashirin iqtisodiyot"ni qisqartirish muhimligi aytildi.

Qishloq xo‘jaligida “katta sakrash"ga faqat ilm orqali erishish mumkinligi ta’kidlandi. Bu borada yer sifati, nav va agrotexnologiyaga zamonaviy ilmiy yutuqlarni keng tatbiq etish orqali bir gektarda paxta hosildorligini 50 sentnerga, g‘allada 100 sentnerga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Mintaqada suv muammosi kun sayin dolzarb bo‘lib bormoqda. So‘nggi 2 yilda suv xo‘jaligiga budjetdan 22 trln so‘m, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarga qariyb 1 trln so‘m subsidiya ajratilgan.

Shu bois kelgusi yillarda sug‘orish kanallarini betonlash, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatish ishlariga ajratiladigan mablag‘ ko‘paytirib boriladi. Jumladan, kelgusi yilda markazlashgan investitsiya hisobidan 1,7 trln so‘mlik va xalqaro moliya tashkilotlaridan $300 mlnlik suv infratuzilmasi loyihalari amalaga oshiriladi.

Davlat rahbari bu masalaga kengroq to‘xtalib, sug‘orish kanallarini betonlash bo‘yicha 3 yillik dastur qabul qilinishini ta’kidladi.

Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ijtimoiy sohalarni rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shu bois 2024-yil uchun davlat budjeti loyihasida bu sohalarga katta e’tibor qaratilgan.

Xususan, kelgusi yil inson kapitalini rivojlantirish uchun 102,5 trln so‘m yo‘naltirish mo‘ljalanmoqda. Bu joriy yilgiga nisbatan 15% ko‘p.

Masalan, dastlabki loyihada 317ta maktab qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgandi. Prezident bu masalaning muhimligini va joylardagi talabni inobatga olib, yana 150ta maktab qurilishiga mablag‘ ajratishni taklif qildi.

Maktabgacha ta’lim, professional va oliy ta’lim tizimi uchun nazarda tutilgan mablag‘larni ham ko‘paytirish bo‘yicha fikr bildirildi.

Shu bilan birga, ushbu mablag‘lardan oqilona foydalanish, ajratilayotgan mablag‘larning natijadorligini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Kelgusi yildan “Mahalla budjeti” tizimi to‘liq joriy qilinadi. Natijada, har bir mahallaning 100 mln so‘mgacha mablag‘i bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Davlat rahbari bu mablag‘larni mahallada ish o‘rni yaratadigan, aholining og‘irini yengil qiladigan loyihalarga yo‘naltirish zarurligini ta’kidladi.

Ushbu yangi tizim bo‘yicha mahalla raislarini o‘qitish, mablag‘larning hisobini yuritish va nazorat qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan birga, budjet intizomini kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka takliflar kiritish zarurligi aytildi. Bu borada budjet mablag‘lari hisobidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiq-oshkora tanlov va tenderlar o‘tkazish amaliyotini kengaytirish qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.

Tarmoq, soha va hududlarga kelgusi yil $32 mlrd investitsiya jalb etish, eksportni $19 mlrdga yetkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida 2024-yil uchun budjet loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Kun tartibidagi ikkinchi masala hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid bo‘ldi. Davlat rahbari Qashqadaryo viloyati misolida yil yakunigacha bo‘lgan ishlarni maksimal darajada bajarish, kelgusi rejalarni belgilashda aholi talabi va muammodan kelib chiqish yo‘lini ko‘rsatib berdi.

Bunda hokimliklar bilan vazirliklar tengma-teng mas’ul ekani, o‘zaro muvofiq ishlab, soha va joylardagi masalalarni hal etish zarurligi ta’kidlandi.