Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish va tarmoqqa ulash tartib­-taomillarini soddalashtirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida farmoni bilan, yuridik shaxslar tomonidan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish va tarmoqqa ulash uchun ruxsat olish 1 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Energetika vazirligining buyrug‘iga muvofiq “Hududiy elektr tarmoqlari” va “O‘zenergoinspeksiya” quvvatlantirish stansiyalarini tarmoqqa ulash uchun ruxsat olish jarayonlarini belgilangan muddatlarda kelishib berilishini ta’minlaydi.

Mamlakatda aholining elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantirish tizimi joriy etilishi belgilangan. Mart oyi boshida avtomobildan chiqayotgan zararli moddalar miqdori tekshirilib, ularga ekologik stikerlar berilishi ma’lum qilingandi.

Hududlar “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan “toza”, “o‘rta” va “zararli” ekologik zonalarga ajratiladi. Elektromobillar hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan avtomobillar uchun onlayn murojaatlar asosida diagnostika tekshiruvisiz stiker olish mumkin.

Joriy yilning 1-apreldan elektromobillar va mototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish 510 ming so‘mni, qolgan barcha transport vositalari uchun esa 2,32 mln so‘mni tashkil etadi.

Avvalroq Jizzaxda “BYD” avtomobil zavodini iyun oyida ishga tushirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi. Birinchi bosqichda mayda uzelli yig‘ish yordamida Chazor va Song Plus Dm-1 modellari ishlab chiqariladi.