Avvalroq prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalaridagi ishlar va vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Tahlillarga ko‘ra, tirbandliklar havoning tozaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, bunda harakatdagi avtomobilga qaraganda tirbandlikda turganlari havoni ko‘proq ifloslantirishi qayd etildi.

Shu sabab, jamoat transportini rivojlantirish borasidagi ishlar tezlashtiriladi. Xususan, endilikda avtobuslarni xarid qilishda yo‘lovchi sig‘imiga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.

Shuningdek, metro vagonlari sonini oshirish bo‘yicha amaliy choralarni ham tezlashtirish lozimligi bildirildi.

Aholining elektromobillarga o‘tishini rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Bunda “Yashil energetika"ni qo‘llab-quvvatlash, ekologik muammolarning oldini olish va zararli oqibatlarni kamaytirish maqsad qilingan.

O‘zbekistonda elektromobillarga qiziqish tobora ortib bormoqda. 2023-yilda yengil elektromobillar savdosi 4,3 barobarga oshib, 25,7 ming donani tashkil etdi. Yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga xorijning 19ta davlatidan $580 mlndan ortiq elektromobillar olib kelindi.

Dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev elektromobillarni ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Joriy yilda zavod ishga tushirilib, 10 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

2022-yilning dekabrida mamlakatda elektromobillar va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish to‘g‘risida qaror imzolandi.

2030-yilgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar utilizatsiya yig‘imidan ozod etildi. Komponentlar va ular uchun ehtiyot qismlar, materiallar va uskunalar bojxona to‘lovlariga tortilmaydi.

Avvalroq prezident Xitoyning “BYD” kompaniyasi prezidenti Van Chuanfu bilan Jizzaxda elektromobillarini ishlab chiqarishga start bergandi.