Prezident transport vaziri Ilhom Mahkamovga hayfsan e’lon qildi. Bu haqda davlat rahbari raisligida o‘tkazilayotgan uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda qayd etildi.

Mazkur tizimda 3ta vazirlik va idora, 3ta inspeksiya, 5ta kompaniya, hududlarda qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohalariga mas’ul hokim o‘rinbosarlari borligi ta’kidlandi.

Xususan, poytaxt va Toshkent viloyati hokimlariga qurilish va kommunal sohaga alohida o‘rinbosar berilganiga qaramay, bu kompleks xalq eng ko‘p norozi bo‘lib murojaat qiladigan sohalardan biri ekani qayd etildi.

Davlat rahbari qurilish sohasiga yangi standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash, ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahalliy aviareyslarni ko‘paytirish, Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanligini qayd etdi.

Shundan kelib chiqib transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov va “Toshshahartransxizmat” raisi Anvar Jo‘rayevga hayfsan e’lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.

Avvalroq prezident logistika masalalari bilan yetarlicha shug‘ullanmayotgani uchun Ilhom Mahkamovni ogohlantirgandi.

Bunda ayrim mamlakatlarda yuk tashishda qo‘shimcha yig‘imlar mavjudligi, haydovchilar uchun viza rejimi murakkabligi, avtotransport uchun vazn talablarini muvofiqlashtirish yakuniga yetkazilmagani, portlarda eksport tovarlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan terminallar yo‘qligini qayd etilgan.