Shavkat Mirziyoyev 14-dekabr kuni avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Logistikadagi qiyinchiliklarga qaramasdan, so‘nggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish 3 barobar ko‘payib, joriy yil yakunida 415 ming donaga yetishi kutilmoqda. Sohada davlat monopoliyasini yo‘q qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 3ta yangi xususiy korxona va xorijiy brendlar jalb etildi.

Bugun mamlakatdagi 8ta zavodda o‘nlab turdagi avtomobillar, yuk va yo‘lovchi tashish transportlari, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda. Sohada 2 mingdan ortiq korxona yaxlit kooperatsiya tarmog‘iga bog‘lanib, 50% mahalliylashtirish ta’minlandi.

Bozorda talab hali ham yuqori. Ham tashqi, ham ichki bozorda avtozavodlar o‘rtasida raqobat kuchaymoqda. Endi “O‘zavtosanoat” ham mahsulotlar modelini kengaytirib, sifatini yaxshilash, tannarxni kamaytirib, raqobat muhitida ishlashga o‘tishi zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda shu boradagi chora-tadbirlar, tarmoq oldidagi vazifalar muhokama qilindi.

Xususan, mamlakatimizda yengil avtomobil ishlab chiqarishni 2030-yilgacha 1 mln donaga yetkazish maqsad qilingan. Yig‘ilishda bu borada 2024-yilda amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.

Davlat rahbari “O‘zavtosanoat"ni transformatsiya qilishni jadallashtirish, xarajatlarni kamaytirish lozimligini ta’kidladi.

Dunyoning yetakchi avtozavodlari elektromobil ishlab chiqarishga o‘tayotgani fonida O‘zbekiston sanoatchilari ham tezroq bu yo‘nalishni o‘zlashtirib, zamon talabiga moslashmasa, kelgusida bozorda o‘rin topishi yanada qiyin bo‘lishi qayd etildi.

Bu borada ilk loyihalar boshlangan. Kelgusi yilda shunday zavod ishga tushirilib, 10 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratish muhimligini ta’kidlab, tarmoq korxonalarida elektromobillar uchun butlovchi qismlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ida bu yil 3 500 donadan ortiq texnika ishlab chiqarilgan. 2030-yilgacha bu miqdorni yiliga 16 ming donaga yetkazish mo‘ljallangan.

Bu yil Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasteri tashkil etildi. U yiliga 15 ming dona traktor, tirkama va boshqa texnikalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Lekin, ularni sotish tizimi zamon talablariga mos kelmaydi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shu bois mahalliy texnika xaridini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, klaster va fermerlarni jalb etib, bu borada buyurtmalar shakllantirish zarurligi ta’kidlandi va qo‘shimcha choralar belgilandi.

Milliy traktorni mahalliylashtirish darajasini 35%ga, osma texnika va tirkamalarni o‘rtacha 60%ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

2022-yilning dekabrida davlat rahbari O‘zbekistonda elektromobillar va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

2030-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar utilizatsiya yig‘imidan ozod etildi. Komponentlar (avtomobil komplektlari) va ular uchun ehtiyot qismlar, shuningdek, materiallar va uskunalar bojxona to‘lovlariga tortilmaydi.

Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga xorijning 19ta davlatidan $580 mlndan ortiq elektromobillar olib kelindi.