Saudiya Arabistonining “DataVolt” kompaniyasi Toshkentda ma’lumotlar markazini tashkil etadi. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Poytaxtda o‘tkazilgan uchinchi xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakat kompaniyasi bilan texnopark hududida mazkur markaz qurilishining birinchi bosqichiga start berildi.

Loyiha doirasida “DataVolt” 2030-yilgacha bosqichma-bosqich $5 mlrd yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Birinchi bosqichda $150 mln ajratilib, umumiy 10 MVt quvvatga ega markaz quriladi.

Ikkinchi bosqichda quvvati 250 MVtgacha bo‘lgan markaz “Yangi Toshkent” hududining 25 gektar yer maydonida amalga oshiriladi.

Oxirgi bosqichda markazni Buxoro viloyatidagi 25 gektar yer maydonda qurish maqsad qilingan. Uning quvvati 40 MVt, kelgusida esa 250 MVtgacha oshiriladi.

“DataVolt” loyihani moliyalashtirishga o‘z mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari kreditlarini jalb qilishni rejalashtirgan. Bunda davlat kafolati talab etilmaydi.

Loyiha ishga tushirilgandan so‘ng markazga kompaniya tomonidan xorijiy IT-kompaniyalar jalb etiladi. Uarga yashil texnologiya asosidagi infratuzilma ijarasi va boshqa xizmatlar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

“DataVolt” kompaniyasining mazkur loyihasi haqida investitsiya forumida Shavkat Mirziyoyev ma’lum qilgandi.

2023-yilda Misrning “Elsewedy Electric” hamda BAAning “Gulf Data Hub” kompaniyalari O‘zbekistonda ma’lumotlar markazini tashkil etishi xabar berilgandi.