Uzum kompaniyalar guruhi hammuassisi va rahbari Jasur Jumayev Toshkent xalqaro investitsiya forumida aksiyalarni birlamchi joylashtirish (IPO) ning taxminiy muddatlari haqida so‘z yuritdi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, hozirda guruh boshqa vazifalarga e’tibor qaratmoqda. Ular orasida foydani oshirish, foydalanuvchilar bazasini kengaytirish hamda kelgusi uch yilga mo‘ljallangan muddatlarga muvofiq “bazaviy mahsulot” yaratish bor.

Uzum o‘rta muddatli istiqbolda likvidlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Jumayevning ta’kidlashicha, ular turli shakllarda o‘tkazilishi mumkin — IPO’dan tashqari, bu strategik hamkorlik yoki mintaqada faoliyat yuritayotgan boshqa yirik kompaniyalar bilan global alyans tuzish bo‘lishi mumkin.

“Likvidlik sohasidagi tadbirlarni alohida oladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, yaqin 2−3 yil ichida bunday tadbirlarni ko‘rishingiz mumkin. IPO o‘tkazishdan xursand bo‘lardim, bu mening orzum”, — deya qo‘shimcha qildi Jumayev.

2023-yil mart oyida Jumayev va o‘sha vaqtdagi Uzum maslahatchisi Boris Dobrodeyev RBK’ga bergan intervyusida guruhning kelajakdagi rejalari haqida gapirib bergandi. O‘sha yil oxirigacha Yaqin Sharqning yirik investitsiya fondlaridan $300 mln jalb qilish rejalashtirilgandi.

Guruh uch yil ichida bir yoki bir nechta xalqaro birjalarda aksiyalarning birinchi ommaviy joylashtirilishini (IPO) o‘tkazishni ko‘zda tutgandi. Biroq, o‘sha paytda kompaniya savdo maydonlari bo‘yicha qaror qabul qilmagan.

Avvalroq Uzum 300 mlrd so‘mlik ilk obligatsiyalarini chiqargani haqida xabar berilgandi.