Octobank Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga Humans kompaniyasidan 500 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlikni undirish va yetkazilgan zararni qoplashni so‘rab da’vo arizasi kiritdi, deya xabar berdi bank matbuot xizmati.

Bank 13-iyun kuni soat 18:00 dan Humans bilan o‘zaro hisob-kitoblar (kliring)ga xizmat ko‘rsatish va Humans moliyaviy xizmati doirasida chiqarilgan kartalar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish to‘xtatilishi to‘g‘risida rasman ma’lum qiladi.

Qaror Humans tomonidan shartlarning muntazam ravishda buzilishi va kompaniya tomonidan qabul qilingan shartnoma majburiyatlarining bajarilmasligi sababli qabul qilingan.

Qayd etilishicha, 2020-yildan beri tomonlar o‘rtasida moliyaviy xizmatni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuv amal qilib kelgan bo‘lib, unda Octobank hamkor sifatida ishtirok etgan.

“Octobank shartnoma shartlarini lozim darajada bajarib kelgan, biroq Humans tomonidan amalga oshirilgan kliring operatsiyalari bo‘yicha qarzdorlik va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya qoplanmasdan kelmoqda”, — deyilada xabarda.

Bank hozirda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Humans’dan jami 500 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlikni undirish va yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo arizasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan iqtisodiy ish ko‘rib chiqilayotganini qayd etdi.

Octobank Humans bilan hamkorlikni to‘xtatish O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi.

Pul mablag‘larini qaytarish zarurati yuzaga kelgan taqdirda, Octobank mijozlarga Humans’ga murojaat qilishni maslahat berdi. Shuningdek, Octobank pul mablag‘lari abonentlarning shaxsiy hisobvaraqlariga o‘tkazilganligini va bu hisobvaraqlar bo‘yicha hisob-kitob hamda qoldiqni nazorat qilish Humans tomonidan amalga oshirilishini ta’kidladi.


Avvalroq O‘zbektelekom Humans’dan 520 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lashni talab qilayotgani haqida xabar berilgandi.

8-may kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudi davlat kompaniyasining ko‘rsatilgan xizmatlar uchun qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’vosini qanoatlantirdi. Humans apellyatsiya shikoyatini berdi.