Avvalroq O‘zbekistonda haydovchilarga taksichilik qilish bo‘yicha hududiy cheklov joriy qilingani haqida xabar berilgandi. Yengil avtomobillarda yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar faqat litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan va unga tutash hududlarda tashuvlarni amalga oshirishi mumkin. Transport vazirligi ushbu cheklovlar kuchga kirganini tasdiqladi.
Undan keyin Xalq demokratik partiyasi cheklov yuzasidan Transport vaziriga so‘rov yuborib, bu masalada aniq tushuntirish berishni so‘radi. Partiya bunday cheklovni joriy qilish uchun hech qanday huquqiy asoslar mavjud emasligini, bu konstitutsiyaviy me’yorlarga qarshi kelishini qayd etdi.
“Cheklov turli noqonuniy faoliyatlar boshlanishiga, haydovchilar ishiga to‘sqinlik qilishga, eng asosiysi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari cheklanishiga olib keladi”, — deyiladi xabarda.
Yandex Go matbuot xizmati Spot so‘roviga javoban Yandex Taxi bilan hamkorlik qilgan va may oyida Toshkentda taksi xizmatini amalga oshirgan haydovchilarning 27%i O‘zbekistonning boshqa hududlarida ro‘yxatdan o‘tganini ma’lum qildi. Ularning umumiy soni 23 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.
“Yil oxirigacha xizmatdan buyurtma olish uchun foydalanadigan 48 mingdan ortiq haydovchining litsenziyasi muddati tugaydi, ulardan 13 mingga yaqini poytaxtda ishlash va odatiy daromad olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin”, — deya izoh berdi Yandex Go.
Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, Toshkentda haydovchining bir soatlik o‘rtacha daromadi O‘zbekiston hududlariga qaraganda taxminan 30% ga yuqori.
2024-yilda O‘zbekistonda qonuniy taksi bozorining aylanmasi qariyb 6 tln so‘mga yetdi. Integratsiyalashgan agregatorlar soni 155 taga yetib, ular 156,8 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Jami 320 millionga yaqin sayohat amalga oshirildi.
To‘lovlarning yirik qismi naqd pul shaklida amalga oshirilgan — 4,5 trln so‘m (76,3%), naqdsiz shaklda — 1,4 trln so‘m (23,7%). Bitta chekning o‘rtacha qiymati 18 456 so‘mni tashkil etdi (o‘tgan yilning avgust oyida — 18 ming so‘m).
Haydovchilar soni qariyb 500 ming kishiga yetdi. Ularning yarmida yillik daromad 5 mln so‘mdan kam bo‘lgan, doimiy asosda taksi xizmatlarini faqat 2,6% haydovchilar ko‘rsatgan. Taksi haydovchilarining atigi 1% dan kamrog‘i 100 mln so‘mdan ko‘proq pul ishlagan.
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, 1-may holatiga ko‘ra, taksi sohasida o‘zini o‘zi band qilganlar soni 775,5 ming nafarga yetgan. Shundan 144,2 ming nafari joriy yilda ro‘yxatdan o‘tgan.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Uzum Market murojaati bo‘yicha YandexGo UB’ga qarshi ish qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgandi.