Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘llarini qurish xarajatlari optimallashtirildi. Bu haqda 11-iyun kuni Toshkent investitsiya forumi doirasida Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Gazeta’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, mazkur yirik loyihalarga vazirlik bir qancha tuzatishlar kiritishga majbur bo‘lgan, chunki bunday pulli yo‘llarni qurish katta mablag‘ talab qiladi. Loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslariga o‘zgarishlar kiritilgani sababli tenderlar keyinroq e’lon qilingan.
“TIAning birinchi versiyasida ma’lum miqdorlar mavjud edi, lekin keyin ularni bir necha bor optimallashtirishga to‘g‘ri keldi — gap murakkab uchastkalar haqida ketyapti: u yerda yo‘laklar, ko‘priklar, tunnellar bor. Dastlabki versiya bilan taqqoslaganda, TIAning yangi variantida kardinal o‘zgarishlar kiritilgan”, — tushuntirdi vazir o‘rinbosari.
Choriyev Toshkent-Andijon pulli yo‘li loyihasi bo‘yicha tender ikki marta (aprel oyida tanlov 21-maygacha uzaytirildi. Mayda yana bir oyga surildi) qoldirilganiga yo‘nalish o‘tadigan Qamchiq dovonining murakkab tog‘li relefi bilan bog‘liq texnik-iqtisodiy yaxshilanishlar sabab bo‘lganini ta’kidladi.
Bu tog‘li hudud, shu sababli qanchalik kam tunnel qurilsa, loyiha shuncha arzonroq bo‘ladi. Transport vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, bunda texnologiya va asbob-uskunalar katta rol o‘ynaydi va uning ham narxi bor.
“Qanchalik ko‘p buzish yoki amortizatsiya bo‘lsa, shuncha ko‘p xarajat bo‘ladi. Qurilishni qayerdan boshlash kerakligini ham tahlil qilishimiz kerak edi. Bularning barchasi chuqurroq yondashishni talab qildi va loyiha takomillashtirildi, bu esa, o‘z navbatida, kechikishlarga sabab bo‘ldi”, — dedi u.
O‘tgan yilning kuzida ushbu loyiha uch bosqichda amalga oshirilishi ma’lum qilingandi: birinchi bosqichda uzunligi 78 km bo‘lgan Toshkent-Angren, ikkinchi bosqichda Angren-Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop-Andijon uchastkasi (143 km) quriladi.
Jasurbek Choriyev aynan yo‘lning Angren va Pop tumani o‘rtasidagi qismi relef bo‘yicha eng qiyini hisoblanishini, shuningdek, loyiha davlat-xususiy sheriklik formatida amalga oshirilayotgani, bu an’anaviy shartnomalarga qaraganda qimmatroq ekanini ta’kidladi.
“Bu DXSh loyihasi bo‘lgani uchun investitsiyalarning qaytishi va o‘zini oqlashni talab qiladi. Biz trafikning ma’lum darajasini — kafolatlangan trafik deb ataladigan qismini kafolatlashga majburmiz. Loyihaning kechikishi tufayli prognozlar ham o‘zgardi, bu esa TIAga ta’sir qildi. Prognozlar qanchalik to‘g‘ri va dolzarb bo‘lsa, investorlar uchun jozibadorlik shunchalik yuqori bo‘ladi”, — dedi u.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, tuzatishga iqtisodiyot va transport oqimining o‘sishi ham sabab bo‘lgan.
Toshkent-Samarqand loyihasi bo‘yicha tender yanvar oyida e’lon qilingan bo‘lib, ishtirokchilardan dastlabki takliflar 26-iyun kuni qabul qilinishi rejalashtirilgan. “Arizalar ko‘rib chiqilib, birinchi bosqichdan o‘tganimizdan so‘ng g‘oliblarni e’lon qilishni boshlaymiz”, — dedi u.
Unga ko‘ra, mazkur yo‘lning smeta qiymati $2,6 mlrddan $2,2 mlrdga tushirilgan. $4,28 mlrdga baholangan (2023-yil nominal narxlarida) Toshkent-Andijon avtoyo‘lining narxi ham optimallashtirildi, dedi Choriyev. 2024-yilning may oyida bu pullik yo‘lning qiymati $4,65 mlrdga baholangandi.
Bundan tashqari, Transport vaziri o‘rinbosari qurilishning boshlanishi tender ishtirokchilariga ham bog‘liqligini ta’kidladi.
Joriy yilning fevral oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov ushbu pullik yo‘llar qurilishi 2025-yilda boshlanishini ma’lum qilgandi. Prezident barcha tender jarayonlarini qoidalar asosida, ortiqcha vaqt sarfisiz olib borishni hamda qurilish ishlarini tezroq boshlashni topshirdi.
Fevral oyida qurilish vaziri Ilhom Mahkamov Toshkent-Andijon va Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘llari qurilishi 2025-yilda boshlanishini ma’lum qilgandi. Birinchi loyihaga 30 dan ortiq xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgan.
Avvalroq Yevropa investitsiya banki O‘zbekistondagi pullik yo‘llar qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirgani haqida xabar berilgandi.