Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) Fransiya kompaniyasi bilan Toshkent shahrida qo‘shma korxona tashkil etadi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zatom rahbari Azim Axmedxo‘jayev hamda Assystem kompaniyasining xalqaro masalalar bo‘yicha bosh vitse-prezidenti Kristian Janno o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat o‘zaro hamkorlikda ochiladigan qo‘shma korxona yuzasidan dastlabki shartlarni belgilab beradi.
Qo‘shma korxona kichik atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini texnik qo‘llab-quvvatlash, loyiha uchun texnik yechimlarni tanlash va ularni yagona konsepsiyaga birlashtirishga ko‘maklashadi.
Shuningdek, kompaniya faoliyati O‘zbekistonning fuqarolik yadro dasturini rivojlantirishga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, tomonlar muloqotda atom energetikasi va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
2024-yilning dekabrida O‘zatom Assystem sho‘ba korxonasi bo‘lgan Fransiyaning Assystem Engineering and Operation Services kompaniyasi bilan shartnoma imzolagandi.
Joriy yilning mart oyida agentlik rahbari Azim Axmedxadjayev Fransiyaning bir nechta kompaniyalari, shu jumladan Assystem bilan texnik hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, bular qatorida Bureau Veritas (o‘qitish masalalari bo‘yicha) va Framatome (elektr stansiyalarini texnik boshqarish bo‘yicha) kabi kompaniyalar bor.
Aprel oyida Jizzaxda kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi. May oyida kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi.
Undan keyin Rosatom O‘zbekistondagi kichik AES uchun uskunalar ishlab chiqarishni boshladi. Davlat korporatsiyasining Sankt-Peterburgdagi zavodida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan.
Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zatom va MVM EGI Zrt o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va anglashuv memorandumi imzolandi. Bitim ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, AESlarda quruq sovitish tizimlarini yetkazib berish va amalda tatbiq qilishga qaratilgan. 2026-yildan O‘zbekistonda AESlarni sovutish uchun quruq gradirnyalar ishlab chiqarish boshlanadi.
May oyi oxirida O‘zatom va Italiyaning Ansaldo Energia S.p.A. kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Avvalroq O‘zbekiston AES qurilishini moliyalashtirishga Xitoydan mablag‘ jalb qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.