UzAuto Motors kuzatuv kengashi qarori bilan kompaniyaning bosh direktori lavozimiga Yanosh Kovach tayinlandi. Bu haqda avtomobil ishlab chiqaruvchisi matbuot xizmati xabar berdi.

Yanosh Kovach Vengriyada tug‘ilgan. Budapesht texnika universitetining avtomobilsozlik texnologiyalari bo‘yicha muhandislik mutaxassisligini tamomlagan.

U jahon avtomobil sanoatining yetakchi top-menejerlaridan biri sifatida, General Motors, Opel, GM Powertrain Uzbekistan, UzAuto Peugeot Citroën Automotive va VinFast Automotive kabi kompaniyalarda muhim rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

Kompaniyaning qayd etishicha, Yanosh Kovach o‘z professional faoliyati davomida sifatni boshqarish, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va avtomobil zavodlari boshqaruvi bo‘yicha mas’ul bo‘lgan.

Kovach ushbu lavozimga tayinlangunga qadar, 2021-yildan buyon UzAuto Motors Kuzatuv kengashi va audit qo‘mitasi a’zosi sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.

2024-yil oxirida 3 yildan ortiq faoliyatidan so‘ng top-menejer Bu Andersson UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain rahbarligidan ketgach, kompaniyaga doimiy rahbar tayinlangunga qadar Odiljon Bastamkulov vaqtincha bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Avvalroq Volkswagen UzAuto bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni boshlashi haqida xabar berilgandi.