Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi YandexGo UB’ga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzish alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.

“Raqobat qo‘mitasiga Uzum Market’dan murojaat kelib tushdi, unda YandexGo UB televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali Yandex Market’dagi reklama roligida YandexGo UB Uzum Market’ga nisbatan insofsiz raqobat harakatlarini amalga oshirayotganini va uning ishbilarmonlik obro‘siga putur yetkazayotganini aytib, chora ko‘rishni so‘radi”, — deyiladi idora xabarida.

Shu sababli qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan YandexGo UB’ga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi Qonunning 21-moddasi talablari buzilishi alomatlari bilan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.

Yandex nimada ayblanmoqda?

“Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirish, shu jumladan quyidagi harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi:

  • raqobatchini obro‘sizlantirish, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan, u sotuvga taklif qilayotgan tovarning sifati va iste’mol xossalari to‘g‘risida, mazkur tovarni tayyorlash hamda undan foydalanish usullari va sharoitlari haqida, undan foydalanishdan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida, tovarning muayyan maqsadlarga yaroqliligi haqida, tovarni sotuvga taklif etish shartlari, shu jumladan uning narxi to‘g‘risida yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tarqatish;
  • noto‘g‘ri taqqoslash, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi so‘zlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda foydalanib taqqoslash;
  • tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi va sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg‘itish;
  • tijorat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni, shu jumladan fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;
  • tovar yoki moliya bozoriga raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning kirishiga to‘sqinlik qilishga yoki uni bozordan chetlashtirishga olib keluvchi harakatlarni sodir etish.

Avvalroq Spot Octobank Humans’dan qarzlar va zararlar uchun 500 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirishni talab qilayotgani haqida yozgandi.

Bank 13-iyun soat 18:00 dan boshlab Humans (Visa) kobeyjing kartalari bo‘yicha operatsiyalarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishini elon qildi.