Bojxona qo‘mitasi shaxsiy avtotransport vositalarini ishonchnoma orqali o‘zgalar tasarrufiga bergan fuqarolarni ogohlantirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyev xabar berdi.

Uning qayd etishicha, oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtomobillarni davlat chegara o‘tkazish punktlari orqali ishonchnoma orqali olib chiqib, so‘ngra ularni sotib yuborish holatlari uchramoqda. Bojxona qo‘mitasining tezkor tuzilmalari tomonidan bu kabi holatlarni vaqtida aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 28-yanvar kuni Qozog‘iston bilan chegaradagi Malik (Sirdaryo) chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvida Qozog‘iston raqami ostida Lacetti avtomobili kirib kelgan.

Vaholangki, mazkur avtomobil 2024-yilning 24-iyun kuni ushbu punkt orqali O‘zbekiston davlat raqami ostida O‘zbekiston fuqarosi tomonidan ishonchnoma asosida olib chiqilgan. Natijada, ushbu avtotransport vositasi qidiruvda ekanligi fosh qilindi.

Shu kabi holat G‘ishtko‘prik (Jibek Joli) chegara bojxona postida ham aniqlandi. Bu holatda ham qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi Qozog‘iston davlat raqami ostidagi Cobalt avtomobili 6-yanvar kuni chegara orqali O‘zbekistonga kirib kelgan.

Ushbu avtomobil o‘tgan yilning 19-aprel kuni O‘zbekiston fuqarosi tomonidan ishonchnoma asosida O‘zbekiston davlat raqami bilan Yallama posti orqali olib chiqilgan. Bu avtomobil ham qidiruvda bo‘lgan.

28-mart kuni Sirdaryo viloyatidagi Xovosobod chegara posti orqali Tojikistondan kirib kelgan davlat raqami ostidagi Chevrolet Menlo, 3-may kuni Surxondaryodagi Sariosiyo posti orqali mamlakatga kirgan Volkswagen Cross rusumli avtomobillari qidiruvda bo‘lgani aniqlandi.

Mazkur transport vositalaridan biri o‘tgan yilning 27-noyabr kuni Toshkent viloyatidagi Oybek chegara posti, ikkinchisi esa Farg‘ona viloyatidagi Andarxon posti orqali ishonchnoma ostida olib chiqilgan, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar ekanligi aniqlandi. Barcha holatlar bo‘yicha protsessual tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Avtomobillarni ijaraga berish (Rent car) bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan 6 nafar fuqaro tomonidan ijara shartnomasi hamda ishonchnoma asosida olingan 100 ga yaqin transport vositalari chegara postlari orqali olib chiqib ketilib, qo‘shni davlatlarda sotib yuborilgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha Bojxona qo‘mitasi tuzulmalari tomonidan keng qamrovli tezkor qidiruv tadbirlari tashkil etilib, holatga aniqlik kiritish uchun qo‘shni mamlakatlar bojxona xizmatlari bilan birgalikda ish olib borilmoqda.

Shuningdek, Husan Tangriyev joriy yilning o‘tgan besh oyi davomida mamlakat chegarasi orqali jami 800 mingga yaqin yengil avtomobillar harakatlanganini ma’lum qildi.

“Bojxona xodimlari haydovchilarning shaxsni, avtotransportning ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar, zarur hollarda, avtomobil boshqa shaxslar tomonidan chegaradan olib chiqilayotganda avtomobil egasining ishonchnomasi mavjudligi tekshiriladi. Agar avtomobil qidiruvga berilgan bo‘lsa, ular axborot tizimlari orqali aniqlanib, to‘xtatib qolinadi”, — dedi u.

Bojxona qo‘mitasi fuqarolarni hushyorllika chaqirib, ishonchnoma asosida berilgan avtomobillarni qaytarib olishda muamolar kuzatilayotgan bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishni so‘radi.

Avvalroq avtomobil qiymatini baholashning yangi standarti tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Hujjat transport vositalarining qiymatini baholash va ularga yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash talablarini belgilaydi.