Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Suv xo‘jaligi vazirligiga nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish uchun kredit ajratadi, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

TXIF-2025 doirasida YTTB va O‘zbekiston o‘rtasida mamlakat bo‘ylab 110 ta sug‘orish nasos stansiyasini modernizatsiya qilish uchun $250 mlngacha suveren qarz ajratish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Loyiha 10 ta hududni qamrab oladi va sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirishga hissa qo‘shadi.

Natijada yillik elektr energiyasi iste’molining 251 ming MVt/soatga kamayishi va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdorining 117 ming tonnadan ko‘proqqa qisqarishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, loyiha doirasida tegishli infratuzilma yangilanadi, jumladan, nasos stansiyalarining tomlariga quyosh panellari o‘rnatiladi.

Bugungi kunda bankning O‘zbekistondagi investitsiya portfeli umumiy qiymati 5,6 mlrd yevro bo‘lgan 181 ta loyihadan iborat bo‘lib, mablag‘larning katta qismi xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston ketma-ket beshinchi yil YeTTBning Markaziy Osiyodagi eng yirik investitsiyalari manzili bo‘lib qolmoqda.

YTTBning 2024-yilda O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi $1mlrdga yetdi. Boshqa tashkilotlar bilan qo‘shma moliyalashtirishni hisobga olgan holda, bank mamlakatga $1,3 mlrddan ortiq mablag‘ jalb qilishga ko‘maklashdi.

Avvalroq YTTB muhim minerallar va yashil energiya sohalariga 2027-yilgacha 7−8 mlrd yevrolik loyihalar paketini ishlab chiqayotgani haqida xabar berilgandi.