Avvalroq 3−4 aprel kunlari Samarqandda “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi. Unda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, mintaqalar o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bo‘yicha “to‘laqonli” bitim imzolashni taklif qildi.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Global Gateway dasturi doirasida 12 mlrd yevrolik investitsiya paketini e’lon qildi. Bu haqda 4-aprel kuni bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitida Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ma’lum qildi.

Yevrokomissiya rahbari o‘z nutqida mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikning to‘rtta yo‘nalishini belgilab berdi: Transkaspiy koridor, muhim minerallar, “yashil” energiya va raqamli ulanish.

“Taraqqiyotni jadallashtirish uchun bugun men Global Gateway’ning 12 mlrd yevrolik investitsiya paketi haqida faxr bilan e’lon qilaman. U bizning [Yevropa] Ittifoqimiz va a’zo davlatlarning sarmoyalarini birlashtiradi”, — dedi Ursula fon der Lyayen.

Uning qayd etishicha, bu “Yevropa jamoaviy yondashuvi” bo‘lib, yangi investitsiya paketi Markaziy Osiyoda yangi loyihalar seriyasini boshlab beradi. “Bu, darhaqiqat, azaliy do‘stligimizning yangi davri boshlanishidir”, — deya ta’kidladi Yevrokomissiya rahbari.

12 mlrd yevrolik investitsiya paketi to‘rtta soha o‘rtasida taqsimlanadi: transport (3 mlrd yevro), muhim minerallar (2,5 mlrd yevro), gidroenergetika va iqlim (6,4 mlrd yevro) hamda sun’iy yo‘ldosh interneti (100 mln yevro).

Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 2027-yilgacha muhim minerallar va qayta tiklanuvchi energiya kabi sohalarni o‘z ichiga olgan taxminan 7−8 mlrd yevrolik loyihalar paketini ishlab chiqmoqda.

Yevropa investitsiya banki Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan to‘rtta anglashuv memorandumini imzolashga va barqaror transport, suvni tartibga solish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilik uchun 365 mln yevro ajratishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Avvalroq Toshkentda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisi ochilishi haqida xabar berilgandi.