4-aprel kuni Samarqanda o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari ushbu uchrashuv jadal va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan global jarayonlar sharoitida o‘tayotganini, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqida an’anaviy sheriklar sifatida o‘zaro yaqin hamkorlik uchun talab o‘sib borayotganini ta’kidladi.
YTTB ekspertlari hisob-kitoblariga ko‘ra, mintaqaviy yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2025-yilda 6% gacha yetadi va bu boshqa mintaqalardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqoridir. O‘zbekistonda sanoatlashtirish, infratuzilmalarga sarmoyalar kiritish, iqtisodiyotni liberallashtirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash hisobidan barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlanmoqda.
Prezident umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish, madaniy-gumanitar va ta’lim bo‘yicha almashuvlarni qo‘llab-quvvatlash ishlarini ta’kidladi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida milliy o‘quv muassasalarining filiallarini ochilmoqda hamad xorijiy sayyohlar uchun yagona viza loyihasi ilgari surilmoqda.
Keyingi yetti yilda mintaqa mamlakatlarining YI bilan o‘zaro tovar aylanmasi 54 mlrd yevroga yetdi. Prezident munosabatlarni rivojlantirish maqsadida o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Investitsiyalar, ko‘p tomonlama hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslari.
Sammit yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish haqida qaror qabul qilinadi. Prezident bu hujjat qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilishga chaqirdi.
“Ishonchim komilki, bizning strategik sherikligimiz aniq qarorlar, loyiha va dasturlar bilan boyitilishi kerak. Shu munosabat bilan, bizning ikki mintaqamiz o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bo‘yicha to‘laqonli Bitimni imzolash masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha umumiy pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari uchrashuvlarini doimiy o‘tkazib borish, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish va “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” parlamentlararo hamkorlik forumini ta’sis etish, uning ilk tadbirini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazish, yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirish taklif qilindi.
Prezident sammitni har ikki yilda bir marta o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladi. “Kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlash maqsadida navbatdagi yig‘ilishgacha sammit kotibiyati funksiyasini o‘z zimmamizga olishga tayyormiz”, — dedi davlat rahbari.
Iqtisodiyot va texnologik modernizatsiyaga investitsiyalar kiritish
Joriy yilning iyun oyi boshida YTTB bilan sheriklikda Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkaziladi. Bu tadbirda Yevropa kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati 30 mlrd yevrodan ortiq joriy loyihalar portfelini taqdim etish ko‘zda tutilgan.
Prezident Yevropaning barcha biznes “kapitanlari”, sanoat va innovatsiya sohalari yetakchilari O‘zbekiston va mintaqada mamlakatlarida muvaffaqiyatli ish olib borayotganini, bular qatorida TOTAL, Siemens, Linde, Airbus, Orano hamda OTP Group kabi korporatsiyalarni qayd etdi.
Forumda ikki mintaqaning investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan alohida sessiyani o‘tkazish taklif etildi. Unda O‘zbekistonda Yevropa kompaniyalari uchun Mintaqaviy sanoat parki konsepsiyasi taqdimoti o‘tkaziladi.
Davlat rahbari Toshkentda Yevropa investitsiya banki ofisini ochish to‘g‘risida imzolangan bitim YI mamlakatlaridan Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishini ta’kidladi.
“Yevropalik sheriklarimiz yana bir tashabbusimizni — „yashil“ energetika, innovatsiyalar, transport, infratuzilma sohalarida va agrar sektorda yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha taklifimizni qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz”, — dedi mamlakat yetakchisi.
Bundan tashqari, mamlakatlarning iqtisodiy manfaatlarini yaqinlashtirishga qaratilgan quyidagi takliflar bildirildi:
- investitsiyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi ko‘ptomonlama bitimni imzolash;
- xususiy sektor vakillarini keng jalb etgan holda, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” qo‘shma savdo palatasini ishga tushirish;
- kichik va o‘rta biznes loyihalarini, birinchi navbatda, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma mintaqaviy dasturlarni qabul qilish.
“O‘zbekistonda o‘zaro transport bog‘liqligi bo‘yicha navbatdagi Iqtisodiy forum va Investorlar forumini qabul qilishga tayyormiz. Shuningdek, eksport qiluvchilarimiz salohiyatini oshirish, laboratoriyalar, standartlashtirish va sertifikatlashtirish markazlarini yaratish uchun Yevropa Ittifoqining texnik ko‘magini kengaytirish muhimdir.”, — dedi prezident.
Mineral resurslar sohasida hamkorlik
Sammit davomida strategik mineral resurslar sohasida hamkorlik va investitsiyalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
O‘zbekiston geologiya-razvedka, strategik xomashyo materiallari konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash sohasida yuqori texnologik ishlab chiqarish tarmoqlarini yaratish borasida Yevropadagi kompaniyalar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega ekanligi ta’kidlandi. “Biz bu yo‘nalishda Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash niyatidamiz”, — dedi davlat rahbari.
Ushbu mahsulotlarni, shuningdek, tayyor sanoat va qishloq xo‘jaligi tovarlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berish uchun samarali transport yo‘laklarining yo‘qligi bunda asosiy to‘siq hisoblanadi.
Transkaspiy transport koridorini kengaytirish va yuk bilan ta’minlash uchun o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni va biznes uchun manfaatli sharoitlarni ishlab chiqish zarur. Bu vazifalar “Global darvoza” umumyevropa dasturining maqsadlariga to‘liq mos kelishiga ishonch bildirildi.
Kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun YI shafeligida bu yo‘nalishda joylashgan mamlakatlarning transport vazirlari uchrashuvini chaqirish taklif etildi.
“Yashil” energetika va ekologik barqarorlikka yo‘naltirilgan investitsiyalar
Prezident O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidan Yevropaga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha xalqaro loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. Sammit arafasida bu loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli bitim ratifikatsiya qilindi.
2030-yilga borib mamlakat energiya balansida qayta tiklanadigan energiya ulushini 54% ga yetkazish, 24 ming MVt “yashil” quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda. “Toza” energiya bo‘yicha “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sherikligining yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro hamkorlikning muhim platformasini yaratishi mumkin.
“Uglerod kreditlari” loyihalarini ishlab chiqishni moliyalashtirish va ularning bozorini rivojlantirish uchun turdosh vazirliklar rahbarlari darajasida ishchi guruhni ta’sis etishni taklif etamiz. O‘tkazilishi kutilayotgan Iqlim forumi chog‘ida mintaqaning “Yashil” taraqqiyot konsepsiyasini taqdim etamiz", — deya ma’lum qildi prezident.
Inson kapitaliga investitsiyalar
Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha “Erasmus Plyus” dasturlari doirasida mintaqa mamlakatlari uchun maxsus kvotalarni joriy etish ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashuvlarni kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ilmiy-ta'lim hamkorligini kengaytirish uchun O‘zbekistonda “Ufq — Yevropa” dasturi ofisini ochish tashabbusi bildirildi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt, ma’lumotlar “katta bazalari”, raqamlashtirish, kosmik tadqiqotlar sohasida ilmiy va texnologik almashuvlar bo‘yicha qo‘shma dasturni ishlab chiqish taklif etildi.
“O‘zbekiston, shuningdek, mintaqa mamlakatlarini raqamli ta’lim sohasida Yevropa harakatlar dasturiga qo‘shish, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchi universitetlari o‘rtasida sheriklik borasida “Yo‘l xaritasi"ni amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari suradi”, — deya qayd etdi davlat rahbari.
Shuningdek, joriy yilda Buxoroda birinchi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sayyohlik forumini o‘tkazish reja qilingan. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasini joriy etish asosida “Bir tur — butun mintaqa” konsepsiyasini amalga oshirish, mintaqa sayyohlari uchun viza rejimini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqishda yevropalik sheriklarning ko‘magiga tayanilishi bildirildi.
“Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatida bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida har yili uchrashuvlar o‘tkaziladigan Sheriklik qo‘mitasini ta’sis etish taklif qilindi. Kelishuvlar va tashabbuslarni amalga oshirish uchun sammit kotibiyatiga, ekspertlar bilan birgalikda, bir oyda, ishchi tartibda tasdiqlanishi mumkin bo‘lgan “Yo‘l xaritasi"ni tayyorlash taklifi berildi.