Shavkat Mirziyoyev davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi yillarda davlat xizmatlari ko‘lami 10 barobar ko‘payib, 61 mlndan oshdi. Ularning 80%i onlayn shaklda ko‘rsatilmoqda. Birgina 2025-yilning o‘zida tadbirkorlikka oid 2 mingdan ortiq majburiy talab bekor qilindi.

Shu bilan birga, sohada ortiqcha tartib-taomillar, qog‘ozbozlik va takrorlanuvchi talablar hali ham saqlanib qolmoqda. Bugungi kunda davlat organlarida 5650 ta funksiya, biznesni tartibga soluvchi 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1041 ta davlat xizmati mavjud.

“Bunday ko‘p funksiya va talablar tizimni samarasiz, qimmat va baʼzan adolatsiz qilib qo‘yishi mumkin. Shu bois, faqat deregulyatsiya, raqamlashtirish va soddalashtirish — eng to‘g‘ri yo‘l”, — dedi davlat rahbari.

O‘zbekistonni 2030-yilga qadar “ortiqcha byurokratiyadan xoli hudud"ga aylantirish maqsadida BAA bilan hamkorlikda Byurokratiyani bartaraf etish — 2030 dasturi boshlangan. Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida alohida loyiha ofisi tashkil etilgan.

Dastur doirasida davlat organlari funksiyalarini 30% ga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan talablarni 20% gacha maqbullashtirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 90% dan oshirish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda davlat xizmatlarini “servis davlat” modeli asosida tubdan takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy eʼtibor davlat xizmatini birorta ortiqcha hujjat talab qilmasdan, tez, shaffof va qulay ko‘rsatishga qaratiladi.

Xususan, 783 ta davlat xizmatiga “nol byurokratiya” tamoyilini joriy etish taklif qilindi. Bu orqali 550 turdagi davlat xizmati elektron shaklga o‘tkazilib, xizmat ko‘rsatish bosqichlari 2 karra qisqaradi.

80 turdagi xizmat proaktiv va kompozit shaklga o‘tkaziladi. Natijada aholining turli idoralarga kelish uchun sarflanadigan yiliga 35 mlrd so‘mgacha transport xarajati tejaladi.

Yana 80 turdagi xizmatni ko‘rsatish muddati 2−3 karra qisqartirilib, o‘rtacha muddat 13 kundan 6 kunga tushiriladi. 10 ta xizmat to‘liq avtomatlashtiriladi. 25 ta xizmat bo‘yicha to‘lovlarning kamaytirilishi natijasida aholi ixtiyorida yiliga 851 mlrd so‘mgacha mablag‘ qoladi.

Shuningdek, 10 ta xizmatni xususiy sektorga o‘tkazish, 15 ta maʼlumot va hujjatni raqamlashtirish belgilanmoqda. Bu orqali 270 dan ortiq xizmatda ushbu maʼlumot va hujjatlarni qayta so‘rash amaliyoti bekor qilinadi.


Avvalroq Spot qurilish sohasida byurokratiyani qisqartirish uchun yangi tizim joriy etilishi haqida yozgandi.