Shavkat Mirziyoyev qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida byurokratiyani qisqartirish va nazorat ishlari natijadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda qurilish sohasida davlat xizmatlarini soddalashtirish, ruxsat berish jarayonlarida byurokratiyani kamaytirish, qurilish obyektlari ustidan nazoratni raqamlashtirish va inson omilini qisqartirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Hozirda qurilishni boshlash uchun ruxsat olishda jami 8 ta hujjat talab etilishi taʼkidlandi. Bu jarayon ayrim hollarda 3 oydan 12 oygacha cho‘zilmoqda.

Shu bois 2 ta hujjatni talab qilishni bekor qilish, yana 2 ta hujjatni esa raqamli integratsiya hisobiga shakllantirish taklif etildi. Natijada ariza berish va ko‘rib chiqish uchun ketadigan vaqt 7 barobar qisqaradi, buyurtmachilarning ortiqcha ovoragarchiligi kamayadi.

Yangi tartibga ko‘ra, loyihalashga ruxsatnoma va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i berish jarayonlari yagona hujjatga birlashtiriladi.

ShaffofAI tizimi orqali ushbu jarayon inson omilisiz, avtomatik tarzda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida 30 ish kunigacha davom etadigan jarayon to‘liq avtomatlashtiriladi.

Loyiha-qidiruv, qurilish-pudrat va ekspertiza tashkilotlarini litsenziyalashda ham yangi tartib joriy etiladi. Bugungi kunda ariza berishda 3 tadan 30 tagacha hujjatni ilova qilish talab etilib, qaror qabul qilish 14 ish kunigacha cho‘zilmoqda.

Taklif etilayotgan tizimda ma‘lumotlar elektron bazalar orqali avtomatik tekshiriladi, hujjat ilova qilish talabi bekor qilinadi. Litsenziyani rasmiylashtirish muddati 14 ish kunidan 5 daqiqagacha qisqaradi, qaror qabul qilish jarayoni 97% ga tezlashadi.

Qurilish obyektlarini foydalanishga qabul qilish jarayoni ham soddalashtiriladi. O‘tgan yili bu borada berilgan 20 mingdan ortiq arizalar turli sabablar bilan rad etilgan.

Kamchiliklarni bartaraf etish uchun buyurtmachilar 1 oydan 3 oygacha vaqt sarflamoqda. Endi davlat obyektlarini foydalanishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar soni 3 tadan 1 taga qisqartiriladi.

Texnik va mualliflik nazoratchilari xulosalari, muvofiqlik deklaratsiyasi va boshqa ma‘lumotlar raqamli tizimlar orqali shakllantiriladi. Bu orqali obyektni qabul qilish muddati 2 oydan 15 kungacha qisqaradi.

Shu bilan birga, binoning mustahkamligi va yong‘in xavfsizligiga ta‘sir qilmaydigan arxitekturaviy yoki rejaviy o‘zgarishlar sabab obyektni foydalanishga qabul qilishni rad etish amaliyoti qayta ko‘rib chiqiladi. Bunday holatlarda zarur korrekturalar kiritilib, obyektni qabul qilish imkoniyati yaratiladi.

Aprel oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda yirik obyektlar qurilish muddatini 3 yilgacha uzaytirish taklif etilgandi. Davlat rahbari tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bu tannarxni pasaytirishi va yirik loyihalarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta‘kidlagan edi.

Spot, avvalroq, Namanganda qurilish ruxsatnomasi uchun $22 ming so‘ragan shaxslar ushlangani haqida yozgandi.