Avvalroq prezident davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda majburiy talablarni qayta ko‘rib chiqish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Bozorlar faoliyatiga doir 20 ga yaqin hujjatda 500 dan ziyod talab tarqoq holda yuritilmoqda. Ularni tizimlashtirish orqali talablarning 30% dan ortig‘ini maqbullashtirish mumkinligi qayd etildi.
Sanitariya talablariga muvofiqlik dalolatnomasi va ko‘rikdan o‘tadigan xodimlar ro‘yxatini elektron tizim orqali shakllantirish imkoniyati ham ko‘rsatib o‘tildi. Bu orqali yiliga 1 mlrd so‘m budjet mablag‘ini tejash, xodimlarning 24 ming ish soatini amaliy faoliyatga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, maʼmuriy yukni qisqartirish iqtisodiyotga yiliga $1,5 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri samara beradi. Tartibga solish sifatini yaxshilash qo‘shimcha $800 mln xorijiy investitsiya jalb etishga xizmat qiladi.
Davlat va biznes o‘rtasidagi jarayonlarni soddalashtirish hisobiga mehnat unumdorligi yiliga $750 mlnga oshadi. Umumiy hisobda byurokratiyani qisqartirish choralari 2026−2030-yillarda iqtisodiyotni qo‘shimcha $13 mlrdga o‘stirish imkonini beradi.
Taqdimotda reestr.gov.uz yagona platformasi orqali davlat funksiyalari, majburiy talablar va davlat xizmatlari reyestrlarini yuritish, idoralar faoliyatini Bureaucracy radar asosida baholash, sunʼiy intellekt orqali tahlil qilish va Biznes kalkulyator orqali tadbirkorlar xarajatini hisoblash tizimini joriy etish taklif qilindi.
Prezident davlat xizmatlari inson qadri, tadbirkorlar uchun qulay muhit va davlat boshqaruvi samaradorligi bilan bevosita bog‘liq ekanini taʼkidladi. Har bir vazirlik va idora o‘z funksiyalarini qayta ko‘rib chiqishi, ortiqcha talab va hujjatlarni bekor qilishi, xizmatlarni raqamlashtirishni tezlashtirishi zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga byurokratiyani bartaraf etish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish, unda har bir vazirlik va idora kesimida raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda xususiy sektor ulushini oshirish bo‘yicha aniq rejalarni belgilash topshirildi.
Shuningdek, sohada ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va barcha idoralar faoliyatida “nol byurokratiya” tamoyilini izchil joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Spot, avvalroq, energetika, transport va soliq kabi sohalarda 130 dan ortiq maʼlumotlar bazasi tizimlashtirilishi haqida yozgandi.