O‘zbekistonda 2025-yil boshidan buyon iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 1094 ta holat aniqlandi, deya xabar bermoqda O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, noqonuniy foydalanishlar natijasida davlat manfaatlariga jami 471,2 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Bunda elektr energiyasi bo‘yicha 214,3 mlrd so‘m va tabiiy gaz bo‘yicha 256,9 mlrd so‘mlik energiya resurslari talon-toroj qilingan.

Iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 1 788 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi.


Avvalroq Spot Toshkent viloyatida 1,8 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, omuxta yem ishlab chiqarish korxonasida hisoblagichdan tashqari gaz quvuriga yashirincha montaj qilish orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingan.

Shuningdek, Farg‘onada “zapravka” 4,1 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani haqida xabar berilgandi.

Xususan, shoxobchada gaz iste’moli hajmini o‘zgartirish maqsadida o‘lchov tizimidagi patrubka ichki qismiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi ma’lum bo‘ldi.