O‘zbekiston aviakompaniyalari Yaqin Sharqdagi keskinlik tufayli ayrim mamlakatlarga parvozlar yo‘nalishini o‘zgartirdi. Isroil 13-iyunga o‘tar kechasi Erondagi nishonlarga, jumladan, yadroviy obyektlar va mamlakat harbiy qo‘mondonligiga zarbalar bergandi.
Kunning ikkinchi yarmida Centrum Air Eron, Iroq, Suriya va Iordaniya havo hududi vaqtinchalik yopilgani munosabati bilan aylanib o‘tuvchi yo‘nalishlardan foydalanilishi sababli reyslar jadvalida o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Yo‘lovchilardan aeroportlardagi axborot tablolari va elektron pochta orqali yuboriladigan bildirishnomalarni diqqat bilan kuzatib borish so‘raldi.
Bir necha soat o‘tgach, Centrum Air Toshkent — Dubay (С6351) yo‘nalishi bo‘yicha parvoz yo‘nalishi o‘zgargani haqida xabar berdi, reys 14-iyun kuni soat 6:00 da uchadi.
Kechqurun Air Samarkand 15-iyunga rejalashtirilgan Samarqand-Tel-Aviv (9S 501/502) yo‘nalishi bo‘yicha reysni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Bunga sabab — Ben-Gurion nomidagi aeroport va mintaqa havo hududining vaqtincha yopilishi.
Eron, Iroq, Suriya va Iordaniya havo hududi vaqtincha yopildi. Foto: Flightradar24 dan skrinshot
Aviakompaniya matbuot xizmati Isroilga boshqa sanalardagi reyslar haqida qo‘shimcha ravishda xabar berilishini ma’lum qilgan.
Yo‘lovchilar oldindan e-mail orqali hamda chiptalarni xarid qilgan joylarida — kassalar va sayyohlik agentliklarida xabardor qilinadi. Bundan tashqari, mazkur reys bo‘yicha chipta pulini to‘liq qaytarib olish yoki parvozni boshqa sanaga ko‘chirish mumkin.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Jiddadan Haj safari doirasida amalga oshiriladigan reyslar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritganini ma’lum qildi. Sharm ash-Shayxga parvozlarda ham o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Milliy aviatashuvchining ta’kidlashicha, jiddiy o‘zgarishlar bo‘lsa, ma’lumotlar rasmiy Telegram-kanallarida e’lon qilinadi.
Avvalroq Toshkent aeroporti terminalida birinchi marta kutib oluvchilar zonasi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Aeroport uchib kelish zali rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlanib, terminal fasadini oldinga surish hisobiga 120 o‘rindiqli hudud tashkil etildi.