Avvalroq Spot Octobank Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga Humans’ga nisbatan da’vo arizasi bilan murojaat qilib, qarzdorlikni undirish va 500 mlrd so‘mdan ortiq zararni qoplashni so‘ragani haqida yozgandi.

13-iyun soat 18:00 dan boshlab bank Humans (Visa) kobeyjing kartalari bo‘yicha operatsiyalarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatadi. Qaror Humans tomonidan “shartlarning muntazam ravishda buzilishi va qabul qilingan shartnoma majburiyatlarining bajarilmasligi” ortidan qabul qilingan.

Humans Octobank bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi (kompaniyaning bayonoti Spot ixtiyorida). Kompaniya bu vaziyatni oddiy tijorat mojarosi emas, balki Octobank, Markaziy bank va boshqa bir qator bozor ishtirokchilari tomonidan “muvofiqlashtirilgan bosim” deb hisoblamoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Octobank da’vo arizasini joriy yilning yanvar oyida bergan. Oradan besh oy o‘tgan bo‘lsa-da, sud hali ham qaror chiqarmagan, shu bois 500 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni to‘lash talabi tasdiqlanmagan holda qolmoqda.

Humans vakillarining ta’kidlashicha, sud muhokamalari davomida Octobank qo‘yilgan talablar miqdorini asoslamagan va hujjatli dalillarni taqdim etmagan. Shuningdek, ish bo‘yicha yig‘ilishlar olti marta qoldirilgan.

“Shartnoma majburiyatlarini muntazam ravishda bajarmagani uchun” Humans Octobankka qarshi da’vo tayyorlamoqda. Asos sifatida Humans Visa kartalari egalarining murojaatlari “umuman e’tiborsiz qoldirilgan yoki jiddiy kechikishlar bilan ko‘rib chiqilgan” yuzlab qoidabuzarliklar keltirilgan. Kompaniya vakillari o‘z mijozlari manfaatlarini ko‘zlab, bankning asosiy operatsion tartib-qoidalari yaroqsizligi masalasini bir necha bor ko‘targanliklarini ta’kidlashmoqda.

Humans guruhi kompaniyalari Octobank qonunchilikni bir necha bor qo‘pol ravishda buzganini ma’lum qildi. Xususan, 2024-yil sentabr oyida Octobank Humans’ga tegishli Maroqand to‘lov tashkiloti — UPay brendi hisobraqamlaridan mablag‘larni yechib olish uchun soxta hujjatlar asosida boshqa banklarga to‘lov topshiriqnomalarini yuborgan. Humans nuqtai nazaridan, jami 292,8 mlrd so‘mlik noqonuniy talablar qo‘yilgan.

Shuningdek, Humans ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya Octobank harakatlariga chek qo‘yish va tekshiruv o‘tkazish talabi bilan Markaziy bankka ikki marta murojaat qilgan, biroq regulyator hech qanday chora ko‘rmagan.

Humans yaqin vaqt ichida Bosh prokuraturaga “regulyatorning harakatsizligi va Octobank tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklar” faktlari bo‘yicha rasmiy ariza bermoqchi. Bundan tashqari, Humans Octobankdan Maroqanddan olingan 403,7 mlrd so‘mlik “asossiz boylik"ni qaytarishni talab qilmoqda.

Maroqand cheklovlari

2024-yil 25-sentabrda Markaziy bank Humans’ga tegishli UPay brendi ostidagi Maroqand to‘lov tashkiloti faoliyatini yarim yilga cheklab qo‘ydi. Natijada, uning bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va o‘tkazish xizmatlari cheklandi. Oktabr oxirida Markaziy bank sobiq raisi Mamarizo Nurmuratov fuqarolarning pullari bukmekerlik kompaniyalariga noqonuniy o‘tkazilgani sababli Maroqand litsenziyasi to‘xtatilganini tushuntirdi.

Joriy yilning 26-mart kuni Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi Maroqand to‘lov tashkilotining ayrim operatsiyalarini cheklash to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorni bekor qildi. Regulyator xabari 17-aprel kuni tahrirlangan.

Humans Markaziy bankka Cross Pay orqali qimor o‘yinlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha qayd etilgan faktlarni taqdim etganini ma’lum qildi, biroq regulyator hech qanday chora ko‘rmadi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, taqdim etilgan dalillar, jumladan, tranzaksiyalar, skrinshotlar va qoidabuzarliklar haqidagi ma’lumotlar e’tiborsiz qoldirilgan.

“Shu bilan birga, Humans guruhi kompaniyasiga nisbatan Markaziy bank mutlaqo teskari harakat qilmoqda — aslida tomonlardan birining manfaatlarini ko‘zlab tijorat bahsida ishtirok etmoqda. Yondashuvlardagi bunday farq regulyatorning noxolisligi va institutsional manfaatdorligi masalasini ko‘taradi”. — deya xulosa qilinadi Humans’da.

Yaqinda Humans Group xalqaro xoldingi tarkibiga kiruvchi va Humans’ning O‘zbekistondagi biznesiga egalik qiluvchi Singapurning Humans Mobile Ltd. kompaniyasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda (ICSID) O‘zbekistonga qarshi arbitraj jarayonini rasman boshladi. 30-maydagi tegishli da’vo arizasi (ICSID Case No. ARB/25/24) bazada ro‘yxatga olinib, “ko‘rib chiqilmoqda”. Javobgar — Adliya vazirligining O‘zbekiston manfaatlarini huquqiy himoya qilish boshqarmasi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Uzum Market murojaati bo‘yicha YandexGo UB’ga qarshi ish qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgandi.