Fransiya kompaniyasi Shohimardonda turizm zonasi qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi prezidenti Xaviyer Gallot-Lavallée va kompaniyaning MDH davlatlari, Bolqon, Turkiya va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy savdo direktori Orxan Shirinni qabul qildi.
Uchrashuvda turizm loyihalari muhokama qilindi. Kompaniya turizm loyihasini taklif etdi, uni Farg‘ona tumanida joylashgan Shohimardon va Yordon qishloqlarida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Loyiha taqdimotidan ma’lum bo‘lishicha, uning qiymati 45 mln yevroga baholanmoqda. Loyihani 2027-yilda ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Natijada 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Uning doirasida sayyohlar uchun tog‘li hududda arqon yo‘li, osma ko‘priklar, ekstremal sakrash hududi, tomosha yo‘laklari va maydonlari, turli attraksionlar barpo etiladi.
Viloyat hokimligi takliflar Farg‘onada turizm salohiyatini oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ekanligini ta’kidladi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
MND kompaniyasi bilan viloyat hududida arqon yo‘l va osma ko‘priklarni o‘z ichiga olgan ommaviy turizm maskani barpo etish muhokama qilingandi. Loyihani Shohimardonda amalga oshirish bo‘yicha loyiha konsepsiyasi ishlab chiqishga kelishib olingandi.
Loyiha 10tadan kabinaga ega ikkita arqon yo‘li, 1ta qiya ko‘targich, 1ta osma ko‘prik, Zipline, Alpine Coaster attraksionlari va boshqa turistik infratuzilma obyektlarini o‘z ichiga olishi kerak edi.
2023-yilning martida “Montagne et Neige Développement” Chimyondagi umummavsumiy dam olish maskanini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqandi. May oyida bu bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Avvalroq Amirsoy kurorti hududidagi Alpina restoranida yong‘in yuz bergani haqida xabar berilgandi. Maydoni 300 kv metr bo‘lgan yog‘ochli bino butunlay yonib ketgan. Yong‘in sababi va yetkazilgan zarar aniqlashtirilmoqda. Kurort qishgacha restoran faoliyatini tiklamoqchi.