Rossiya 2025-yilning ikkinchi yarmida Buxoro va Navoiyda sanoat parklarini ochishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Oldimizda turgan maqsad 2030-yilgacha Rossiyaning O‘zbekistonga eksportini 2,7 barobar ko‘paytirib, $17,9 mlrdga, O‘zbekistonning Rossiyaga eksportini esa 3,6 barobar oshirib, $11,8 mlrdga yetkazishdir”, — deya ta’kidladi Iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov.
Tomonlar sanoat hamkorligi, energetika, farmatsevtika, transport, logistika va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalar ustida olib borilayotgan ishlarning joriy holatini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy jihozlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham asosiy masalalardan biri hisoblanadi.
Rossiya 2025−2034 yillarda kafolatlangan xarid qilinishi rejalashtirilgan, mahalliylashtirish lozim bo‘lgan farmatsevtika mahsulotlari ro‘yxatini tayyorlamoqda.
2025-yil oxirigacha mo‘ljallangan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishiga qadar investitsiya platformasi orqali moliyalashtirish uchun istiqbolli loyihalarning dastlabki ro‘yxatini kelishib olish rejalashtirilmoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi to‘rt oyida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi 3%ga kamayib, $3,7 milrdni tashkil etdi.
Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi rahbari Maksim Reshetnikov ikki tomonlama savdo aylanmasining qisqarishini vaqtinchalik hodisa deb baholab, buni biznesning yangi sharoitlarga moslashuvi va narxlarning pasayishi bilan izohladi.
Avvalroq Spot Rossiyaning Medsi tarmog‘i O‘zbekistonda birinchi klinikasini ochishi haqida yozgandi.
Hozirda HeadHunterda manzil Toshkent sifatida ko‘rsatilgan 3 ta bo‘sh ish o‘rni uchun e’lon joylashtirilgan. Loyihaga kiritilgan investitsiyalar hajmi $2 mlndan ortiqni tashkil etadi.