Sistema AMK tarkibiga kiruvchi Rossiyaning Medsi xususiy klinikalar tarmog‘i O‘zbekistonda o‘zining birinchi nuqtasini ochadi. Bu haqda Vedomosti nashri xabar berdi.
Medsi HeadHunter saytida ish joyi joylashuvi manzili sifatida Toshkent shahri ko‘rsatilgan uchta vakansiyani joylashtirdi: bosh shifokor (1-iyun kuni e’lon qilingan), HR-menejer va bosh buxgalter (23-may kuni).
Medsi vakili Vedomosti’ga xususiy klinikalar tarmog‘i “strategiya doirasida” Markaziy Osiyo mamlakatlariga chiqishga tayyorlanayotganini tasdiqladi, biroq qolgan tafsilotlarni ochiqlamagan.
Eqiva tahliliy kompaniyasi bosh direktori Darya Shubina umumiy maydoni 1500−2000 kv.metr bo‘lgan diagnostika markazini ishga tushirish uchun investitsiyalar hajmini $2,2−3,4 mln, 3000 kv.metrdan boshlangan statsionar klinikani ishga tushirish uchun $5,4−7,2 mlnga baholadi.
Infoline-Analytics bosh direktori Mixail Burmistrovning so‘zlariga ko‘ra, Medsi O‘zbekistonda o‘z nuqtasini ishga tushirish uchun uchta formatni ko‘rib chiqishi mumkin: tarmoq tomonidan mavjud biznesni sotib olish, franchayzing modeli va mamlakatda o‘z klinikasini ochish.
Forbes Russia reytingiga ko‘ra, Medsi tarmog‘i 2024-yilning 20 ta eng yirik tibbiy kompaniyalari ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan. Kompaniyaning 2023-yildagi daromadi 41,7 mlrd rublni tashkil etdi.
2023-yilning sentabr oyida Kommersant Medsi tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida ikkita brend — Medsi International Healthcare va Medsi Medicine of Competencies ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida xabar bergandi. Ulardan Armaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va MDHning boshqa mamlakatlari, shuningdek, BAA, Serbiya va Gruziya bozorlarida ishlash uchun foydalanish mumkinligi kutilgandi.
Avvalroq prezident Sog‘liqni saqlash vazirligini sug‘urta tibbiyotini joriy etishni kechiktirgani uchun tanqid qilgani haqida xabar berilgandi.