Avvalroq Raqobat qo‘mitasi YandexGo UB’ga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablarini buzish alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgandi.
Qo‘mitaga Uzum Market murojaati kelib tushgan bo‘lib, unda Yandex Market bo‘yicha reklama roligida YandexGo UB tomonidan Uzum Market’ga nisbatan insofsiz raqobat harakatlari amalga oshirilayotganligi hamda uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazilayotganligi ma’lum qilinib, chora ko‘rish so‘ralgan.
Shundan kelib chiqib, qo‘mitaning Maxsus komissiyasi “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 21-moddasi talablarini buzganlik uchun YandexGo UB’ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Monopoliyaga qarshi organ qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etishini bildirdi.
Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati Spot so‘roviga javoban aniqlik kiritishicha, Uzum Market murojaati joriy yilning aprel oyida onlayn platforma ishga tushirilgandan so‘ng, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan Yandex Market reklamasiga tegishli.
Rolik Uzum brendi bilan bog‘liq bo‘lgan binafsha rangdagi libosdagi qiz bilan boshlanadi. U onlayn platformada 50% lik chegirma berilayotgani haqida so‘z yuritadi, biroq market nomi atayin yashirilgan (videoda har gal market nomi tilga olinganda shovqin sabab eshitilmaydi).
Bosh qahramon rolik o‘rtasida qo‘lida uzum bilan paydo bo‘ladi va odamlardan “A, bu marketmi?”, deya so‘raydi. Biroq, “Yo‘q, bu boshqacha market, Market Yandex Go” degan javob beriladi.
Spot YandexGo UB va Uzum Market matbuot xizmatlariga so‘rov yubordi, ammo javob olmadi.
Yandex nimada ayblanmoqda?
“Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 21-moddasiga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni, shu jumladan quyidagi harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi:
- raqobatchini obro‘sizlantirish, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchining faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi yoki uning ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan, u sotuvga taklif qilayotgan tovarning sifati va iste’mol xossalari to‘g‘risida, mazkur tovarni tayyorlash hamda undan foydalanish usullari va sharoitlari haqida, undan foydalanishdan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida, tovarning muayyan maqsadlarga yaroqliligi haqida, tovarni sotuvga taklif etish shartlari, shu jumladan uning narxi to‘g‘risida yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tarqatish;
- noto‘g‘ri taqqoslash, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi so‘zlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda foydalanib taqqoslash;
- tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi va sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg‘itish;
- tijorat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni, shu jumladan fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;
- tovar yoki moliya bozoriga raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektning kirishiga to‘sqinlik qilishga yoki uni bozordan chetlashtirishga olib keluvchi harakatlarni sodir etish.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi Beeline’ga tarif shartlarini qayta ko‘rib chiqishni buyurgani haqida xabar berilgandi.