O‘zbekistonda o‘tkazilgan onlayn-auksionda “chiroyli” avtomobil raqami uchun savdo yakunlandi. Ushbu raqamning narxi yangi rekord o‘rnatdi. Bu haqda Gazeta.uz Respublika tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi.

Xaridor 10 777 ZZZ davlat raqami uchun 1,56 mlrd so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $122,2 ming) taklif qildi, bu boshlang‘ich baho 187,5 mln so‘mdan 8,3 baravar yuqori. Savdo 8 kun davom etdi.

Spot tovar-xomashyo birjasi matbuot xizmati mazkur bitim savdo maydonida amalga oshirilganini tasdiqladi. Biroq, bitimni yakunlash uchun xaridor besh ish kuni mobaynida to‘lovni amalga oshirishi va 30 kun ichida YHXBda avtoraqamni rasmiylashtirib olishi shart.

O‘tgan yilning 24-dekabr kuni o‘tkazilgan auksionda “chiroyli” avtoraqam rekord darajada qimmat — 965,3 mln so‘m yoki $75 mingga sotilgandi. Bu undan bir kun oldingi rekord ko‘rsatkichga nisbatan 75%ga yuqoridir.

Avvalroq 2024-yilda birjada 3 tonnaga yaqin qimmatbaho metallar sotilgani haqida xabar berilgandi. Sotilgan oltin qiymati ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 2,5 trln so‘mga yaqinlashdi. Kumush esa 4,2 mlrd so‘mdan ortiqqa sotilgan.

2023-yilda birjada 396,1 mlrd so‘mga 87 ming dona avtomobil raqamlari sotildi. Eng qimmat “chiroyli” avtoraqam yuridik shaxsga 450 mln so‘mga sotilgan, bu esa 2021-yilda o‘rnatilgan rekorddan biroz yuqori bo‘ldi.

Avvalroq Spot auksionda eng qimmat avtoraqam 712,1 mln so‘mga sotilgani haqida yozgandi.

Bu ko‘rsatkich sakkiz kun oldingi rekord narx bilan deyarli teng. 20-may kuni eng qimmat sotilgan avtoraqam qiymati 722,3 mln so‘m bo‘lgandi.