Xitoyda miya implantini joylashtirish bo‘yicha birinchi operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Global Times nashri.
2025-yilning mart oyida barcha oyoq-qo‘llarini yo‘qotgan bemorga miya implantati o‘rnatildi. Jarrohlik amaliyotidan “bir necha hafta” o‘tgach, bemor “fikr kuchi” bilan elektron qurilmalarni boshqara boshladi. Masalan, u kompyuterda poyga simulyatorlari va shaxmat o‘yinlarini o‘ynay oldi.
Xitoy Fanlar akademiyasi qoshidagi CEBSIT markazi Fudan universiteti bilan hamkorlikda simsiz invaziv neyrokomp’yuter interfeysi (BCI) tizimining sinovlarini o‘tkazmoqda. Ushbu texnologiyani 2028-yilgacha bozorga chiqarish rejalashtirilgan.
Xitoy AQShdan keyin miya chipini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazgan ikkinchi mamlakat bo‘ldi. Nashrning ta’kidlashicha, CEBSIT ishlanmasi Ilon Mask asos solgan Neuralink kompaniyasi tizimiga nisbatan “bir qator afzalliklarga” ega ekan.
Xususan, Xitoy chipi dunyodagi “eng kichik” miya implantati bo‘lib qoldi: uning diametri 26 mm, qalinligi esa 6 mm dan kam. Implantning egiluvchanligi Neuralink analogidan “100 barobar yuqori” ekan. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, shu tufayli miya hujayralari chipni begona jism sifatida “deyarli sezmaydi”.
2016-yilda asos solingan Neuralink miyani kompyuter bilan bevosita bog‘lash uchun interfeyslar ishlab chiqarmoqda. Kompaniya 2024-yil boshida insonda o‘tkazilgan ilk operatsiya haqida ma’lumot berdi.
Ikkinchi bemorning jarrohlik amaliyoti haqida Ilon Mask 2024-yil avgustda xabar qildi. Uchinchi bemorga implant o‘rnatilgani 2025-yil yanvarda ma’lum bo‘ldi.
Blindsight — “Telepatiyadan keyingi Neuralink mahsuloti”. 2024-yil martida Mask implant “allaqachon maymunlarda ishlab turibdi” deb ma’lum qildi. Sentabrda Neuralink Blindsight implantini sinash uchun ko‘ngillilarni izlay boshladi.
Kompaniya bunday texnologiyalar bilan shug‘ullanayotgan yagona tashkilot emas. Ko‘rish qobiliyati buzilgan odamlar uchun implant ustida, jumladan, Neuraling hammuassisi va sobiq rahbari Maks Xodak tomonidan tashkil etilgan Science Corp ham ishlamoqda. 2022-yilda u Science Eye implantini namoyish etgan edi.
Avvalroq Spot Neuralink raqobatchisi miya implantining uzoq muddatli sinovlari uchun ruxsat olgani haqida yozgandi.
Miya signallarini o‘qiydigan va falaj bo‘lgan odamlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan neyroimplant miya po‘stlog‘iga joylashtiriladi.