Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yilning o‘tgan besh oyida mamlakatda sanoat 6,4% ga o‘sdi, eksport 18% ga, xorijiy investitsiyalar esa 46% ga oshdi. Qiymati $3 mlrdlik 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi, 2,4 mln odam daromadli bo‘ldi.

Lekin dunyoda yana bir mojarolar o‘chog‘i avj olgani nafaqat Yaqin Sharq, balki mintaqaga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmasligi, Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlashuv davom etsa, pandemiyadan keyin endi-endi tiklanayotgan savdo aloqalari va logistika marshrutlari qiyinlashishi ta’kidlandi.

“Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib borayapti. Shu bois har bir hokim hududidagi, vazirlar esa tarmog‘idagi imkoniyat va xavflarni oldindan ko‘ra bilib, proaktiv, ya’ni topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus ko‘rsatib ishlashga o‘tishi shart. Eng muhimi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, ular so‘rayotgan masalalarni tez-tez hal qilib berish bu rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur”, — dedi davlat rahbari.

Prezident vazirlik va hokimliklar ishidagi muammolarni tahlil qildi. Har bir tumandagi 40 dan ziyod tashkilotda o‘rtacha 500 nafar xodim ishlaydi. Ularning viloyatda idorasi ham, boshlig‘i ham bor. Ayrim tuman tashkilotlari oddiy masalalarni hal qilish uchun viloyatdan, ular esa respublikadan ruxsat olishi kerak.

Masalan, Qumqo‘rg‘on markazidagi temir yo‘lida har kuni 20 marta yopiladigan “shlagbaum” 200 metrga ko‘chirilsa, 8 ming avtomobil uchun tirbandlik yo‘qoladi. Lekin, bunga tuman va viloyat hokimining vakolati yo‘qligi, O‘zbekiston temir yo‘llari'dan ruxsat olish kerakligi qayd etildi.

Bundan tashqari, Termiz-Sariosiyo temir yo‘lining yarmi elektrlashmagani uchun elektrovoz 1,5 soat sarflaydigan manzilga teplovozlar 3 soatda bormoqda. Natijada, ko‘pchilik avtomobilda harakatlanmoqda.

Tuman hokimlari va aholi takliflarini eshitib, bu yo‘nalishni oxirigacha elektrga o‘tkazsa, 10 ta tumanni Termiz bilan xavfsiz bog‘lash mumkin, lekin transport vaziri Ilhom Mahkamov, O‘zbekiston temir yo‘llari raisi Zufar Narzullayev bunga loqaydligi ko‘rsatib o‘tildi.

Avvalroq Transport vazirligi haydovchilarga taksichilik qilishda belgilangan hududiy cheklov bo‘yicha rasmiy izoh bergandi. Vazirlik hududiy cheklov bo‘yicha rasmiy izoh berib, taksi haydovchilari faoliyat hududini o‘zlari tanlashi mumkinligini, cheklov litsenziyada ko‘rsatilgan hudud uchun o‘rnatilishini ma’lum qildi.