O‘zbekiston va O‘mon fuqaro aviatsiyasi agentliklari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Uchrashuvning asosiy mavzusi ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo aloqasini yo‘lga qo‘yish masalasi bo‘ldi.

Xususan, Ummon sultonligining milliy aviakompaniyasi Oman Airning O‘zbekiston shaharlariga parvozlarni amalga oshirish imkoniyati muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida aviatsiya idoralari yangilangan bitimni imzoladilar. Hozirgi tahrirdagi hujjatga ko‘ra, ikki mamlakat aviakompaniyalari haftasiga 50 tagacha reysni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, Samarkand hamda Salala xalqaro aeroportlarida ochiq osmon rejimidan foydalanish hamda yuk tashish parvozlarida har ikki mamlakat aeroportlarida “beshinchi, oltinchi va yettinchi havo erkinligi"dan foydalanish huquqi berildi.

Vazirlik tomonidan joriy yilda Oman Air aviakompaniyasining O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam parvozlarini yo‘lga qo‘yilishida tegishli yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi.

2024-yil iyul oyidan O‘mon O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy qildi. Ular 14 kun davomida sultonlikda erkin bo‘lishlari yoki aeroportda viza rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi. May oyi oxirida Shavkat Mirziyoyevning O‘mon, shuningdek, Bahrayn va Quvayt fuqarolari uchun vizasiz rejimni 30 kungacha uzaytirish bo‘yicha farmoni qabul qilindi.

O‘tgan yilning kuzida Centrum Air xususiy aviatashuvchisi Toshkentdan O‘monning Salala shahriga reysni yo‘lga qo‘ygan edi. Yo‘nalishga Airbus A321neo samolyoti xizmat ko‘rsatadi.

Aprel oyida O‘zaviatsiya Oman Air aviakompaniyasiga Maskat-Toshkent-Maskat yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilgani haqida xabar bergan edi. Tashuvchi yo‘nalishga Boeing 737 samolyotlarida xizmat ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.


Avvalroq Spot O‘zbekiston aviakompaniyalari Yaqin Sharqdagi keskinlik tufayli parvozlar yo‘nalishini o‘zgartirgani haqida yozgandi.

Air Samarkand Samarqanddan Tel-Avivga reysini bekor qildi. Uzbekistan Airways Jiddadan Sharm ash-Shayxga aviaqatnovlarga o‘zgartirishlar kiritadi.